Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan ichki ishlar organlari xodimlarini kamsitgan xonanda Yulduz Usmonovaning xatti-harakatlariga huquqiy baho beradi. Bu haqda O‘zbekiston IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq O‘zbekiston xalq artisti Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi natijasida aziyat chekkanlarga yordam aksiyasini e’lon qilgan edi. U toshkentliklarning yordamlarini o‘z uyida qabul qilgan.

3 ma kuni yarim tunda Instagram sahifasida jonli efir vaqtida u kechki vaqtlarda insonparvarlik yordamini Sirdaryo viloyatiga jo‘natishda yordam berishdan bosh tortgan ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan noroziligini bildirgan.

Yulduz Usmonova ichki ishlar organlari xodimlarini “nulyami v korobke” deb atagan va ularning hurmatga loyiq emasliklarini aytib, bosh barmog‘ini ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlari orasiga suqib ko‘rsatgan.

“Padarla'nati bo‘ldilaring bugun. Xalq birlashdi, xalqning yonida turmadilaring. Tfu! GAIlarga, melisalarga!” — dedi u.

Madaniyat vazirligi videomurojaatga munosabat bildirarkan, xonanda bildirgan fikrlarni noo‘rin deb atadi. Vazirlik IIO xodimlarining ikki oydan buyon kunu tun ishlayotganini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

IIV bayonotida xonandaning asossiz tanqid qilishi o‘ta madaniyatsizlik va salbiy holat ekani ko‘rsatilgan.

“O‘z qilmishi bilan Yulduz Usmonova barcha ichki ishlar organlari xodimlarini uyatli so‘zlar, obro‘sizlantiruvchi uydirmalar va beodoblik bilan qasddan haqorat qilgan”, — deyiladi bayonotda.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2 mayda soat taxminan 21:00larda Mirzo Ulug‘bek tumani 4-sonli ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori leytenant M.Ortiqjonov, shu tumanda yashovchi Yu.Usmonovaning xonadoniga 30 nafarga yaqin fuqaro Sirdaryo viloyatida ro‘y bergan suv toshqinidan jabrlangan aholiga yordam berish maqsadida xayriya uchun turli xildagi oziq-ovqat hamda boshqa mol-mulklarni olib kelganliklarini kuzatgan. Ushbu yukni tegishli manzilga yetkazib berishga yordam berish maqsadida, hududga biriktirilgan PPX xodimlari serjant D.Ortiqov va safdor A.Sultonov bilan birga yuk mashinalariga ortishga yordamlashib, ularni to‘planib ketadigan yig‘in joyiga, ya’ni “Turkiston” san’at saroyiga kuzatib qo‘ygan.

IIV xabarida keltirilishicha, xonanda o‘zining yordamchilari orqali to‘plangan yuklarni darhol, ya’ni 3 may soat 00.10larda YHXB xodimlari kuzatuvi ostida Sirdaryo viloyatiga jo‘natilishini talab qilgan. Shunda xodimlar unga Sirdaryo viloyatiga chiqish belgilangan tartibda tegishli ruxsatnoma asosida, kunduzgi vaqtda hamda uyushgan holda amalga oshirilishini tushuntirishlariga qaramasdan, uning asossiz tanqidiga uchraganlar.

“Jamiyatda yurish turish qoidalarini mensimasdan, o‘ta madaniyatsizlik bilan turli xaqoratnomuz so‘zlarni gapirayotgan ayolga belgilangan tartibni tushuntirishga uringan xodimlar, ziddiyatli vaziyatni keskinlashib ketishini oldini olish maqsadida, ushbu ayol bilan muloqotni to‘xtatib, o‘z xizmat vazifalarini davom ettirganlar. Shundan so‘ng, Yulduz Usmonova ijtimoiy tarmoq orqali „on-layn“ tarzda ichki ishlar organlarini obro‘sizlantiruvchi, asossiz haqoratlar aks ettirilgan videorolikni tarqatgan”, — deyiladi xabarda.

Poytaxt IIBB tomonidan olib borilayotgan surishtiruv yakunlari bo‘yicha “holatga oydinlik kiritilib aybdorlarga qonuniy tartibda chora belgilanadi”, deya qayd etdi IIV matbuot xizmati.

Hodisa jamiyatda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Keyinroq xonanda ichki ishlar organlaridan kechirim so‘radi.

IIV vaziyatga xolis munosabat bildirib, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmatlariga adolat nazari bilan qaragan fuqarolarga, madaniyat vakillariga, jurnalistlar, blogerlar hamda ijtimoiy tarmoqlarning foydalanuvchilariga minnatdorchilik bildirdi.