1 may kuni ertalab Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida to‘g‘on o‘pirilish sodir bo‘ldi. Suv toshqini natijasida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aholi punktlari va ekinlarga zarar yetdi. Binolar, yo‘llar, kommunikatsiyalar vayron bo‘ldi. Uchta tumandagi 22 ta qishloqdan 60 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi.

Ushbu hodisadan so‘ng jamoatchilikda uchun bu nima uchun sodir bo‘lgani haqida savollar tug‘ildi, suv ombori qurilishida ishtirok etadigan kompaniyalar nomiga ayblovlar aytib boshlandi.

Xulosa chiqarishga hali erta. Hodisa sabablari tergovda aniqlanadi. “Gazeta.uz” ochiq ma’lumotlar va axborot manbalari asosida loyiha tafsilotlarini aniqlashga harakat qildi.

To‘g‘onning buzilish joyi, 2020 yil 3 may. Foto: Shuhrat Latipov / “Gazeta.uz”.

Suv ombori qurilishi 2010 yilda Janubiy Mirzacho‘l kanalining markaziy tarmog‘i suv oqimi hududida boshlanib, 2017 yilda yakunlandi. Gidrotexnika inshooti 922 million kubometr suv sig‘imiga ega ekani va bu Sirdaryo hamda Jizzax viloyatlarining unumdor yerlaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishga imkon berishi xabar qilingan edi.

2017 yilning 17 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev suv ombori bilan tanishar ekan, gidroenergetika sohasida yangi kompaniya tashkil etish bo‘yicha rejalarni baham ko‘rdi. Keyingi kuni davlat rahbarining “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kirgan gidroelektrstansiyalar, gidrotexnik va gidroenergetika bilan bog‘liq boshqa bo‘linmalar, shuningdek Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining “O‘zsuvenergo” birlashmasiga qarashli bo‘lgan barcha gidroelektrostansiyalarni birlashtiruvchi “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to‘g‘risidagi farmoni qabul qilindi.

“O‘zsuvenergo” birlashmasiga rahbarlik qilgan, shuningdek, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida “To‘palangsuvGESqurilish” MCHJ boshqaruvi raisi bo‘lib ishlagan senator Abdug‘ani Sanginov yangi kompaniya boshqaruvi raisi etib tayinlandi.

“O‘zbekgidroenergo” kompaniyasi mamlakatning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish, suv-energetika resurslarini boshqarishning yagona tizimini shakllantirish, elektr energiya ishlab chiqarish tarkibida qayta tiklanadigan gidroenergetika resurslari ulushini izchil oshirish, yangi ekologik toza energiya hosil qiluvchi quvvatlarni tashkil etish, mavjud GESlarni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, gidroenergetikani rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish va shu asosda korxonalar va aholining elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini yanada to‘laroq qondirishni ta’minlash bilan shug‘ullanadi.

Qurilish vaziri Botir Zokirov, “O‘zbekgidroenergo” raisi Abdug‘ani Sanginov va prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 2 mayda to‘g‘on o‘pirilgan joyda. Foto: prezident matbuot xizmati.

Davletovuz Telegram-kanali gidroenergetika sohasida To’palang HPD Holding va uning tuzilmaviy kompaniyalari (To'palang HPD Platinum, To’palang HPD Water Construction, To’palang HPD Building, To’palang HPD Irrigation Systems, To’palang HPD Steam — Gas, To’palang HPD Service, To’palang HPD Engineering) amalga oshirayotgan loyihalarga e’tibor qaratdi.

“Gazeta.uz” ma’lumotlariga ko‘ra, To’palang HPD Holding prezidentning 2003 yil 24 yanvardagi farmoni talablari asosida “To‘palang suv ombori va GES qurilish"ning “To‘palangsuvGESqurilish” MCHJ etib qayta tashkil etilishi natijasida vujudga kelgan, 2017 yil dekabrida yana qayta tashkil etilgan. Uning asosiy faoliyat turlari GES, suv xo‘jaligi inshootlari, gidrouzellar qurish, kanal hamda drenajlar qazish va boshqalarda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishdan iborat.

“O‘zbekgidroenergo” matbuot xizmati 21 aprel kuni Sardoba suv ombori qoshida To`palang HPD irrigation systems ishtirokida kichik GES qurilishi boshlanganini ma’lum qilgan edi. Loyiha qiymati 21,3 mln yevroga teng bo‘lib, ob’ektni 2022 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Kompaniya To’palang HPD Holding tomonidan Chotqol daryosida Quyi Chotqol GES (loyiha qiymati 180 mln dollar), shuningdek, Pskem daryosida Pskem GES (810 mln dollarga baholanmoqda) loyihalarida ham qurilish ishlarini olib borayotganini ma’lum qildi.

To’palang HPD Platinum Xorazm viloyati Toshsoqa magistral sug‘orish kanallari tizimini rekonstruksiya qilish loyihasi (29,7 mln dollarga baholangan) ustida ham ish olib bormoqda.

Bundan tashqari, To’palang HPD Building 2019 yil 9 iyul kuni Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida Katta Farg‘ona kanalida Kichik gidroelektr stansiyalar kaskadini foydalanishga topshirdi (31 mln dollarga baholangan).

2019 yil martida Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida Tuyabo‘g‘iz suv omborida To`palang HPD Irrigation tomonidan qurilgan kichik GES ochildi (16,3 mln dollarga baholangan).

To’palang HPD Building Surxondaryo viloyatida “Termiz marvaridi” sanatoriyasi qurilishida ham ishtirok etgan.

“O‘zsuvloyiha” loyiha instituti kuzatuv kengashining besh nafar a’zosidan ikki nafari — To’palang HPD Holding vakili hisoblanadi. “O‘zsuvloyiha” kompaniyasi Andijon tumanida Kuyganyor gidrouzeli quyi qismini yuvilishdan saqlash uchun himoyalovchi inshootni qurish loyihasi, Navoiy viloyatida “Konimex-1” nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish va boshqalarda bosh loyihalovchi hisoblanadi.

“O‘zbekgidroenergo” va To’palang HPD Holding yuridik manzili mos tushadi: Toshkent, Navoiy ko‘chasi, 22.

Xoldingdagi 61,7 foiz ulush Islom Abdurahmonovga tegishli. Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlari.

To’palang HPD Holding direktori Islom Abdug‘aniyevich Abdurahmonov — Abdug‘ani Sanginovning o‘g‘li.

“Gazeta.uz"ga ma’lum bo‘lishicha, To’palang HPD Water Construction kompaniyasi Sardoba suv ombori qurilishida qatnashgan 10 dan ziyod subpudratchilardan biri bo‘lgan.

Loyiha qiymati

Sardoba suv ombori qurilishi to‘g‘risidagi hujjat ochiq ma’lumotlarda mavjud emas. Gidroinshoot hozir ham “O‘zbekiston temir yo‘llari” hisobida.

“Gazeta.uz” gidroinshootning hali ham “O‘zbekiston temir yo‘llari” hisobida turganini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Sardoba suv ombori qurilishi 2017 yil 1 yanvar holatida 1 trln 306 mlrd 940 mln 400 ming so‘m (Markaziy bankning 2017 yil 1 yanvardagi kursi bo‘yicha 404,4 mln dollar).

Ochilboy Ramatov, Shavkat Hamroyev, Shavkat Mirziyoyev va Abdug‘ani Sanginov, 2017 yil, may. Foto: “O‘zbekiston” kanali, O‘zA.

2017 yil may oyida prezidentga taqdimot marosimida “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasining sobiq raisi Achilbay Ramatov (hozirgi bosh vazirning birinchi o‘rinbosari), qishloq va suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Shavkat Hamroyev (hozirgi suv xo‘jaligi vaziri) va “O‘zsuvenergo” raisi Abdug‘ani Sanginov (hozirda “O‘zbekgidroyenergo” raisi) ishtirok etdi.

“O‘zbekgidroenergo” izohi

“Biz milliy va xorijiy OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda Sardoba suv omborida yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha „O‘zbekgidroenergo“ AJ obro‘siga putur yetkazuvchi asossiz va yuzaki xulosalar, noto‘g‘ri talqinlarga rasmiy munosabatimizni bildirishni xohlardik”, — deyiladi kompaniya matbuot kotibi Ravshan Boyqulovning “Gazeta.uz” tahririyatiga yuborgan xabarida.

Sardoba suv omborining 2010−2017 yillarda qurilganini qayd etar ekan, kompaniya vakili sobiq Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi ob’ekt buyurtmachisi ekanini ta’kidladi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” qoshidagi “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” unitar korxonasi bosh pudratchi sifatida tanlangan. Ob’ekt qurilishida ishtirok etgan 10 dan ortiq subpudratchi tashkilotlar, jumladan “O‘zmaxsusqurilish”, Omad Dubl, BOYOVUD qatorida “Rezaksoy suv qurilish” (hozirgi — To’palang HPD Water Construction) qurilish jarayonida o‘ziga ajratilgan qismda qurilish ishlarini olib borgan.

To’palang HPD Water Construction tomonidan olib borilgan ishlar tegishli komissiya tomonidan belgilangan tartibda qabul qilib olingan, deya ma’lum qildi matbuot kotibi.

“Biz To’palang HPD Holding MCHJ Sardoba suv omborining avariya sodir bo‘lgan qismida qurilish ishlarini olib bormagani, Abdurahmonov Islom Abdug‘aniyevich esa 2010−2017 yillarda To’palang HPD Holding MCHJ va uning filiallarida umuman ishlamaganini ta’kidlashni xohlardik. Bundan tashqari, „O‘zbekgidroenergo“ AJ prezidentning 2017 yil 18 maydagi №UP-5044 farmoni bilan tashkil etilgan. Shunday qilib, qayd etish joizki, „O‘zbekgidroenergo“ AJ Sardoba suv ombori qurilishi uchun javobgar emas va unda ishtirok etmagan”, — dedi Ravshan Boyqulov.

Uning qayd etishicha, Sardoba suv omboridan foydalanish bo‘yicha nazorat faoliyati Davsuvxo‘jaliknazorat (Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xo‘jaligi ob’ektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi) tomonidan amalga oshiriladi.

“Yuqorida keltirilganlarga asoslanib, biz ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ma’lumotlarning asossiz va yolg‘on ekanini ma’lum qilamiz”, — dedi u.