Davlat xizmatlari agentligi tomonidan aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tug‘ilish bilan bog‘liq bo‘lgan davlat xizmatlarini kompozit tarzda ko‘rsatish tartibini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda agentlik xabarida ma’lum qilinadi.

Bunda, tug‘ruqxonadan bola tug‘ilganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish, FHDYO bo‘limida bola tug‘ilganligini qayd qilish, bolani otasi yoki onasining doimiy yashash manziliga ro‘yxatga qo‘yish, farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini olish, poliklinikaga ro‘yxatga qo‘yish va bolani maktabgacha ta’lim muassasasiga navbatga qo‘yish kabi harakatlar elektron ravishda bir vaqtda amalga oshiriladi.

Davlat xizmatlari agentligining ma’lum qilishicha, ushbu davlat xizmatidan foydalanish uchun birgina FHDYO bo‘limiga murojaat qilishning o‘zi kifoya.

Mazkur davlat xizmatlarining kompozit tarzda ko‘rsatilishi fuqarolar tomonidan ortiqcha hujjat to‘plash, davlat idoralari o‘rtasida sarson bo‘lib, eshikma-eshik yurishlariga barham beradi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXA jismoniy va yuridik shaxslarga elektron raqamli imzo kaliti va sertifikatini masofadan turib olish xizmatini joriy etgan edi.