Taksi haydovchilari hozircha yo‘lovchilarni tashishlari mumkin emas. Bu haqda O‘zbekiston IIV YHXBB multimedia markazining videosyujetida aytiladi.

«Yetkazish xizmatlarini ko‘rsatadigan taksi yo‘nalishlari avtomobillariga hozircha yo‘lovchi tashishga ruxsat berilgani yo‘q, lekin Toshkentdagi ba’zi haydovchilar ham yetkazib berish, ham yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanishmoqda», — deyiladi syujetda.

YPX inspektori Akbar Xakimov rolikda aytishicha, 30 aprel kuni Toshkentdagi Mahtumquli ko‘chasida Nexia haydovchisi to‘xtatilgan. Unda yetkazib berish xizmatlariga ruxsat beruvchi hujjatlar bo‘lgan, lekin avtomobilda yo‘lovchi bo‘lgan.

O‘z navbatida, IIV oldinroq «Gazeta.uz»ga shaxsiy va xizmat yengil mashinalari harakatlanishi mumkin bo‘lgan vaqt oralig‘ida (soat 07:00 dan 10:00 gacha va 17:00 dan 20:00 gacha) taksilar ham yo‘lovchilarni tashishi mumkin ekanligi haqida xabar bergan edi. 30 aprel kuni yo‘lovchi tashish xizmati tiklanganligi haqida MyTaxi ham xabar bergan edi.

1 may kuni MyTaxi rahbari Akmal Payziyev yo‘lovchi tashish uchun ruxsat taksilarga taalluqli emasligini ma’lum qildi. Bu haqda «Gazeta.uz» tahririyatiga murojaat qilgan taksi haydovchilari ham aytishmoqda.

Adliya vazirligi va Koronavirus info Telegram-kanali orqali tarqatilgan xabarlarda 30 apreldan boshlab fuqarolarga ish joyiga borib kelishi, tibbiy buyumlar, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi navbatda zarur bo‘lgan mahsulotlarni xarid qilish uchun soat 07:00 dan 10:00 ga hamda 17:00 dan 20:00 ga qadar barcha turdagi shaxsiy va xizmat yengil avtotransport vositalari (yo‘lovchilar bilan birga) harakatlanishga ruxsat berilganligi haqida ma’lumot berilgan edi.


O‘z navbatida, «Gazeta.uz»ning huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbalarining ma’lum qilishicha, karantin choralarini yumshatish bo‘yicha o‘tkazilgan prezident raisligidagi yig‘ilishdan keyin qabul qilingan maxsus komissiya protokolida «yo‘lovchilar bilan birga» deyilgan band mavjud emas. Komissiyaning protokollari ochiq manbalarda e’lon qilinmagan.