2041 yilda Toshkent aholi 2,5 mln kishidan 3,3 mln kishiga, hududi esa 33 ming gektardan 41,5 ming gektarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan «Toshkent shahrini 2041 yilgacha rivojlantirish bosh reja loyihasini ishlab chiqishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston prezidenti qarori loyihasiдан o‘rin olgan.

Toshkent shahri bosh rejasi kotsepsiyasining asosiy qoidalari poytaxtni kelgusida Markaziy Osiyoning yirik ma’muriy-xo‘jalik, madaniy va ilmiy sanoat markazi sifatida rivojlanishini ko‘zda tutadi.

Bosh reja konsepsiyasida alohida e’tibor quyidagi muammolarni hal etilishiga qaratilgan:

  • O‘zbekistonning poytaxtiga munosib bo‘lgan shahar muhitini gumanizatsiyalash va qiyofasini takomillashtirish uchun arxitektura-rejalash shart-sharoitlarini yaratish;
  • yangi qurilish, hududlarni rejadan tashqari qurilgan va eskirgan qurilmalarni rekonstruksiya qilish yo‘li bilan hududlardan samarali foydalangan holda o‘rtacha qavatliligini oshirish;
  • transport tuzilmalarini takomillashtirish yo‘li bilan shahar ob’ektlariga yetib borish vaqtini kamaytirish va shaharning asosiy vazifalarini bir-biriga nisbatan qulay joylashtirish;
  • Shahar rejasiga yashil texnologiyalarni qo‘llash, ekologik zararli ob’ektlarni shahar tashqarisiga olib chiqish yo‘li bilan shaharning ekologik ahvolini yaxshilash;
  • zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalarni hisobga olgan holda muhandislik infratuzilmalarni qayta tashkillashtirish va modernizatsiya qilish;
  • hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va transport arteriyalarini obodonlashtirish;
  • yangi turar mavzelarni barcha zaruriy muhandislik kommunikatsiyalari bilan ta’minlangan holda joylashtirish;
  • Ilmiy gidrogeologik tekshiruvlar asosida yer osti suvlari hajmini pasaytirish bo‘yicha shaharning hududlarini muhandislik tayyorgarligi bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish.

Konsepsiyaga ko‘ra, Toshkent aholisi 2018 yilda 2,490 mln, 2019 yil 1 aprel holatida 2,510 mln kishini tashkil etgani, 2041 yilda esa 3,3 mln kishiga yetishi ko‘zda tutilmoqda.

Shaharning zamonaviy hududi esa (2018yil) 33,068 ming gektarni tashkil etadi. 2041 yilga borib esa poytaxt hududi 41,5 ming gektarга yetadi.

Konsepsiyada shahar tarkibiga Xonobod posyolkasi, O‘zgarish posyolkasi, Yunusobodning shimol qismi (Toshkent tumani), Salar posyolkasining, Olmos posyolkasi (Qibray tumani) bir qismi, Sergeliga tutash bo‘lgan (Zangiota, Yangiyo‘l, Yuqorichirchiq tumanlari), Bektemir tumanining janubiy hududlari (Quyichirchiq tumani)ni kiritish rejalashtirilmoqda.

Shaharni rivojlantirish uchun Toshkent viloyatining yerlaridan, birinchi galda qurilish ko‘zda tutilgan yer uchastkalarini ajratish va hisob-kitob muddatiga 8,4 ming gektar yer uchastkalarini ajratish ko‘zda tutilgan.

Qaror loyihasi muhokamalari 13 mayga qadar davom etadi.