O‘zbekistonda Jismoniy va yuridik shaxslarning identifikatsiyasi milliy axborot tizimini yaratish rejalashtirilmoqda. Bu Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA) tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, LBMA va BMT Rivojlanish dasturi Milliy identifikatsiya tizimini yaratish konsepsiyasi ishlab chiqdi. Ushbu konsepsiya quyidagilarni nazarda tutadi:

  • jismoniy va yuridik shaxslarga taqdim etilayotgan davlat va moliyaviy xizmatlar sifati oshirish va barchaning foydalana olish imkoniyatini kengaytirish;
  • elektron shaklda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sonining sezilarli oshishi;
  • jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan davlat va moliyaviy xizmatlardan foydalanish jarayonlarini soddalashtirish;
  • kichik va o‘rta biznesning uchun xizmatlardan (kreditlash, sug‘urtalash va hokazo) foydalanish imkoniyatini kengaytirish.

Bundan tashqari, loyihada ma’lum qilinishicha, «Raqamli ishonch» raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan yuz geometriyasi bo‘yicha shaxsni biometrik autentifikatsiya qilish tizimining prototipi ishlab chiqildi.

Shunday qilib, identifikatsiya tizimi davlat, bank va boshqa tashkilotlar axborot tizimlariga jismoniy va yuridik shaxslarni masofadan turib aniqlash imkoniyatini berishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, tizim yordamida qalbaki, begona yoki huquqiy kuchga ega bo‘lmagan hujjatlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatish holatlarini qisqartirish mumkin.

Shaxsini tasdiqlovchi hujjatsiz davlat, bank va boshqa tashkilotlar xizmatidan foydalanmoqchi bo‘lgan fuqarolar shaxsi tizim orqali tasdiqlanadi.

Identifikatsiya tizimi — jismoniy va yuridik shaxslarni jumladan jismoniy shaxsning biometrik ma’lumotlari orqali ro‘yxatga oladigan, identifikatsiya, autentifikatsiya va avtorizatsiya qiladigan, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, jismoniy va yuridik shaxslarga moliyaviy va boshqa xizmat ko‘rsatuvchi sub’ektlarning axborot tizimlariga qonunchilikda belgilangan tartibda foylanuvchi-jismoniy shaxslarning shaxsga doir va foydalanuvchi-yuridik shaxslarning hisob ma’lumotlarini ishonchli, ruxsat olingan holda taqdim etadigan dasturiy-apparat kompleksi hisoblanadi;

Identifikatsiya tizimi O‘zbekistonda jismoniy va yuridik shaxslarni identifikatsiya qilishning rasmiy ma’lumotlar manbai darajasiga ega bo‘ladi. Tizimdan olingan ma’lumotlar davlat, moliya va boshqa xizmatlardan foydalanuvchilarni masofaviy identifikatsiya va autentifikatsiya qilishning asosi hisoblanadi.

Hujjatda identifikatsiya tizimining tasdiqlangan foydalanuvchisi ma’lumotlari asosida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan shakllantiriladigan elektron raqamli imzo qog‘oz hujjatga qo‘lda o‘zi qo‘ygan imzo bilan bir xil ahamiyatga ega bo‘lishi taklif etilmoqda.

Identifikatsiya tizimi xizmat ko‘rsatish tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar barcha tashkilotlarga to‘lov-shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Shaxsni mobil aloqa telefon raqami orqali tasdiqlash imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda. Shu munosabat bilan operatorning axborot tizimlariga yangi va amaldagi abonentlar-jismoniy shaxslarning jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqamini (JSHSHIR) kiritish rejalashtirilmoqda. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish holati to‘g‘risida axborot beruvchi SMS-xabarlar abonentlarga beg‘araz tarzda yuboriladi.

Yangi yildan boshlab LBMA huzuridagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi va mobil operatorlari o‘rtasida elektron hamkorlikni yo‘lga qo‘yiladi. Markaz so‘roviga asosan operatorlar tomonidan jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi quyidagi ma’lumotlarni taqdim etiladi:

  • abonentning JSHSHIR bo‘yicha — abonentning telefon raqami;
  • abonentning telefon raqami bo‘yicha — abonentning JSHSHIR.

Identifikatsiya tizimiga biometrik pasportlar ma’lumotlar bazasi ma’lumotlaridan, shu jumladan jismoniy shaxslarning suratlaridan foydalanish imkoniyati taqdim etiladi.

Bundan tashqari, fuqarolar, davlat yoki jamiyat huquqlari va qonun himoyasidagi manfaatlariga putur yetkazish yo‘li bilan shaxsiy manfaat olish maqsadida Identifikatsiya tizimi imkoniyatlaridan foydalanadigan shaxslarga nisbatan javobgarlikni nazarda tutuvchi qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Hujjat loyihasi muhokamalari 13 mayga qadar davom etadi.