O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 1 aprel holatiga ko‘ra 34,03 mln kishini tashkil etib, yil boshidan 131,6 ming kishiga yoki 0,4 foizga o‘sdi, deyiladi Davlat statistika qo‘mitasining demografik holat to‘g‘risidagi hisobotida.

Shahar aholisi 17,1 million kishini (jami aholining 50,5 foizini), qishloq aholisi esa 16,8 millionni (49,7 foiz) tashkil etdi.

Eng ko‘p aholi Samarqandda — 11,4% (mamlakat umumiy aholisidagi ulushi), Farg‘ona — 11,1%, Qashqadaryo viloyatida — 9,7% va Andijonda — 9,2% qayd etilgan.

Umumiy aholining 30,8 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 58,7 foizi — mehnatga layoqatli va 10,5 foizi — mehnatga layoqatli yoshdan kattalar tashkil etadi.

Yanvar-mart oylarida 170,4 ming chaqaloq dunyoga kelgani ro‘yxatga olindi, 1000 aholiga tug‘ilish 20,2 promilleni tashkil etdi va 2019 yilning shu davriga nisbatan 0,8 promillega oshdi.

Ushbu davrda 37,5 ming o‘lim qayd etildi, o‘lim darajasi 4,4 promilleni tashkil etdi va 2019 yilning shu davriga nisbatan 0,1 promillega kamaydi. Qayd etilgan o‘lim holatining 62,4 foizi — qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9,3 foizi — o‘simtalardan, 5,5 foizi — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 4,8 foizi — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 4,3 foizi — baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 1,4 foizi — yuqumli va parazitar kasalliklardan hamda 12,3 foizi — boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Ro‘yxatga olingan 1 yoshgacha vafot etgan bolalar soni 2,1 ming nafarni tashkil etib, ularning 51,1 foizi — perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 23,9 foizi — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 13,2 foizi — tug‘ma anomaliyalardan, 4,0 foizi — yuqumli va parazitar kasalliklardan, 2,5 foizi — baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 0,5 foizi — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan va 4,8 foizi — boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Yanvar-mart oylarida aholining tabiiy o‘sishi 132,9 ming kishini tashkil etib, 2019 yilning mos davriga nisbatan 10,3 ming kishiga (2019 yilning yanvar-mart oylarida 122,6 ming kishi bo‘lgan) o‘sgan.

FHDYO organlari tomonidan 49,5 ming nikoh qayd etildi, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan nikoh tuzish koeffitsiyenti 5,9 promilleni tashkil etdi. Eng yuqori nikoh koeffitsiyenti Xorazm (10,8 promille), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (7,8 promille), Buxoro (6,9 promille), Surxondaryo (6,6 promille) viloyatlarida kuzatildi. Eng kam nikoh tuzish koeffitsiyenti esa Jizzax (4,5 promille), Navoiy (4,7 promille) Namangan (4,7 promille) Qashqadaryo (5,1 promille) viloyatlarida kuzatildi.

Yanvar-mart oylarida FHDYO organlari tomonidan 7,8 mingta nikohdan ajralishlar qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan nikohdan ajralish koeffitsiyenti 0,9 promilleni tashkil etdi. Hududlar bo‘yicha eng yuqori nikohdan ajrashganlar koeffitsiyenti Toshkent shahri (1,0 promille), Andijon (0,9 promille) Samarqand (0,8 promille) Toshkent (0,8 promille) viloyatlarida kuzatildi. Eng kam nikohdan ajrashganlar koeffitsiyenti esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi (0,3 promille), Jizzax (0,3 promille), Navoiy (0,3 promille) va Sirdaryo (0,3 promille) viloyatlarida kuzatildi.

Yanvar-mart oylarida respublika bo‘yicha ko‘chib kelganlar soni 40,1 ming kishini (39,6 ming kishi respublika hududlaridan, 0,5 ming kishi xorijiy mamlakatlardan), ko‘chib ketganlar soni esa 41,5 ming kishini (39,6 ming kishi respublika hududlariga, 1,9 ming kishi xorijiy mamlakatlarga) tashkil etdi. Migratsiya saldosi minus 1,4 ming kishi bo‘lib, 2019 yilning mos davrida minus 1,4 ming kishi bo‘lgan.

Xorijdan O‘zbekistonga ko‘chib kelganlarning asosiy qismi Qozog‘iston (jami xorijga ko‘chib kelganlarga nisbatan 34,1%), Tojikiston (28,6%), Rossiya (19,6%), Qirg‘iz Respublikasi (7,1%), Ukraina (1,2%) va boshqa mamlakatlar (9,4%) hissasiga to‘g‘ri keldi.

O‘zbekistondan xorijiy mamlakatlarga ko‘chib ketganlarning asosiy qismi Qozog‘iston (jami xorijga ko‘chib ketganlarga nisbatan 64,8%), Rossiya (29,2%), Qirg‘iz Respublikasi (0,9%), Isroil (0,9%), Tojikiston (0,8%), va boshqa mamlakatlar (3,4%) hissasiga to‘g‘ri keldi.