Buyuk Britaniya sog‘liq saqlash vaziri Mett Xenkok Oksford universiteti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan vaksina 23 aprel kuni odamlarda sinovdan o‘tkazish boshlanishini e’lon qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Xenkok brifingda: “koronavirusni yengishning eng yaxshi usuli, bu — vaksinadir”, — dedi. Vazir mazkur jarayon “sinov va xato” orqali bo‘lib o‘tishini, Buyuk Britaniya vaksinani yaratish bo‘yicha “global harakatlarning boshida” ekani va boshqa mamlakatlarga qaraganda bunga ko‘proq pul sarflaganini ta’kidlab o‘tdi.

Brifingda Buyuk Britaniyadagi Imperial kolleji va Oksford universiteti tomonidan yaratilgan koronavirusga qarshi vaksinalarni klinik sinovlarini qo‘llab-quvvatlash uchun jami 42,5 million funt sterling ajratilishi ma’lum qilindi.

“Har ikki istiqbolli loyiha ham jadal rivojlanmoqda va olimlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz”, — dedi qirollik sog‘liqni saqlash vaziri.