O‘zbekiston yangi turdagi koronavirusga qarshi kurashish uchun zarur tibbiy jihozlarni sotib olishga Yaponiya hukumati grantlarini jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Yaponiya bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Taro Aso ishtirokida videokonferensiyada koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

«O‘zbekistondagi tibbiyot muassasalarini zaruriy asbob-uskunalar — o‘pkani sun’iy shamollatish moslamalari (O‘SSH) va polimeraza zanjiri reaksiyasi (PZR) bilan jihozlash maqsadida yaqin kunlarda Yaponiya hukumatining grant mablag‘larini jalb qilish istiqbollari ishlab chiqiladi», — deyiladi xabarda.

Sardor Umurzoqov Yaponiya hukumatiga test-tizimlari va virusga qarshi vositalar shaklida ilgari ko‘rsatilgan gumanitar yordami uchun minnatdorchilik bildirdi.

Avvalroq davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusni aniqlash uchun qo‘llanilayotgan bitta PZR qurilmasi kun davomida 400 ta tahlil o‘tkaza olishini ma’lum qilgan edi. O‘zbekistonda 40 dan ortiq PZR laboratoriyasi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, PZR uskunalari soni ko‘pi bilan 200 ga yaqinroqni tashkil etadi.

O‘tgan hafta prezident Sog‘liqni saqlash vazirligiga Osiyo taraqqiyot banki va Jahon bankining 30 mln dollarlik mablag‘lari hisobiga 2300 ta o‘pkani sun’iy shamollatish uskunasini sotib olishga ko‘rsatma bergan edi.