«O‘zdonmahsulot» AK tizim korxonalarida ishlab chiqarilgan bir qop un narxi 125 ming so‘m qilib belgilandi. Bu haqda «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasining matbuot xizmati xabar berdi.

Hukumat topshirig‘iga ko‘ra, un mahsulotlari olib sotarlar tomonidan qo‘ldan qo‘lga o‘tishi oqibatida narxning sun’iy o‘sib ketishining oldini olish, un aholining barcha qatlamlariga tizimli ravishda uzluksiz yetkazib berilishining ta’minlanishi ko‘zlangan.

«O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi ma’lum qilishicha, kompaniya tarkibidagi tizim korxonalari tasarrufida bo‘lgan zamonaviy energiyatejamkor texnologiyalar bilan jihozlangan 52 ta tegirmon sexlarida har kuni 6000 tonnadan ortiq un ishlab chiqarilmoqda.

Bundan tashqari, tizim korxonalari omborlarida respublika aholisining un mahsulotiga bo‘lgan talabini to‘la qondirish uchun yetarli miqdorda don zaxiralari mavjudligi aytilgan.