Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vazirligi Haj-2020 mavsumiga tayyorgarlik ishlarini kechiktirib turish bo‘yicha qaror qabul qilgan. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabar berdi.

Hozirda Saudiya Arabistoni Podshohligi hukumati hamda sog‘liqni saqlash idoralarining tavsiyalariga ko‘ra, mamlakatda koronavirus infeksiyasining keng tarqalishining oldini olish uchun yuqori darajadagi ehtiyotkorlik choralari qo‘llanilayotgani, ikki muqaddas Haramda sog‘liqni saqlash va xavfsizlikni ta’minlash, profilaktika ishlari kuchaytirilgani qayd etilgan.

Shu munosabat bilan, Saudiya Arabistoni Podshohligi rahbariyatining qarori asosida «Haj-2020» mavsumining tashkiliy tadbirlarini vaqtincha to‘xtatib turish va vaziyat barqarorlashishini kutish maqsadga muvofiq deb topilgan.

Rasmiy murojaatda Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vazirligi mazkur jarayon bilan bog‘liq yangilik va o‘zgarishlar yuzasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitani qo‘shimcha xabardor qilishi ma’lum qilingan.

Din qo‘mitasining ma’lum qilishicha, joriy yil Haj safariga borishni rejalashtirgan va navbati yetib kelgan fuqarolar, agar haj mavsumiga qadar Saudiya Arabistonida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashmasa, joriy yilgi navbatlar to‘liq saqlanib qoladi hamda keyingi yilga o‘tkaziladi.

«Ayni vaqtda, fuqarolarimizdan karantin qoidalarini buzgan holda haj safari bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha tashkilotma-tashkilot yurmasliklarini, o‘zlari va o‘zgalarning sog‘ligini xavf ostiga qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz. Haj safari bilan bog‘liq barcha yangiliklar Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan Internet va ijtimoiy tarmoq saytlari orqali tezkor e’lon qilinadi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq, Umra tadbirini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq jarayon vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar berilgan edi.