Bill & Melinda Gates Foundation Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini (JSST) moliyalashtirish miqdorini 250 million AQSH dollarigacha oshiradi. Bu haqda jamg‘armaning rasmiy saytida ma’lum qilindi.

«Bu noyob holatdir va biz bu holatga ko‘maklashishga qodirmiz. [Shu munosabat bilan] bugun biz [JSSTga] 150 million AQSH dollari miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini e’lon qilamiz, bu bizning umumiy majburiyatimizni 250 million dollardan ko‘proqqa yetkazadi», deyiladi xabarda.

Jamg‘arma asoschisi Melinda Geytsning aytishicha, JSST «ushbu pandemiya bilan kurasha oladigan tashkilot». Shuning uchun ham bu mablag‘lar JSSTga koronavirus pandemiyasining yangi tarqalishini bartaraf etish, davolash, vaksinalar va sog‘liqni saqlash tadbirlarini rivojlantirishni jadallashtirish uchun yo‘naltirilishini ma’lum qildi.

Microsoft ta’sischisi milliarder Bill Geyts AQSH prezidenti Donald Trampning JSSTni moliyalashtirishni to‘xtatish haqidagi buyrug‘ini qoralab, bu qarorni «pandemiya paytida [qabul qilish] mutlaqo ma’nosizdir», deya Reuters agentligiga telefonda bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Bill & Melinda Gates Foundation Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining AQSHdan keyin ikkinchi yirik donori hisoblanadi. Mazkur e’longa qadar jamg‘armaning moliyalashtirish miqdori 100 mln dollarni tashkil qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 15 aprel kuni AQSH prezidenti Donald Tramp o‘z ma’muriyatiga Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini (JSST) moliyalashtirishni vaqtincha to‘xtatishni buyurgandi. U o‘z qarorini JSST koronavirus haqida o‘z vaqtida ma’lumot bermagani va haqiqatni dunyo hamjamiyatiga yetkazmagani bilan asoslagan.