Islom taraqqiyot banki (ITB) O‘zbekistonda koronavirus bilan kurashish maqsadida yaratilayotgan yangi shifoxonalar uchun tibbiy uskunalar va buyumlarni tezkor xarid qilishni moliyalashtirishga 17 mln dollar miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltirdi. Mablag‘lar ITBning O‘zbekistondagi joriy kredit portfelidan ajratildi, deya xabar qildi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Islom taraqqiyot banki (ITB) Prezidenti Bandar Hajar bilan muzokaralar 8 aprel kuni videokonferensiya formatida bo‘lib o‘tdi.

ITB koronavirus bilan kasallangan bemorlar uchun qurilayotgan yangi shifoxonalarni jihozlashga infrutuzilma loyihalari doirasida iqtisod qilingan 46 mln dollarni qayta yo‘naltirish orqali O‘zbekistonga qo‘shimcha yordam ko‘rsatishga tayyor.

ITB prezidenti mazkur yo‘nalishda bank o‘zining sho‘’ba institutlari bo‘lmish Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi, Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi va boshqalarning imkoniyatlaridan foydalanib, ko‘maklashishni kengaytirishga tayyorligini ta’kidladi.

Videokonferensiya yakunlariga ko‘ra tomonlar sog‘liqni saqlash tizimi ehtiyojlari va O‘zbekistondagi kichik va o‘rta biznes korxonalarini qo‘llab-quvvatlash uchun ITB tomonidan umumiy qiymati 140 mln dollardan ortiqroq bo‘lgan qo‘shimcha moliyalashtirishni jalb etish bo‘yicha ishlashga kelishib oldilar.