7−9 aprelda O‘zbekiston hududiga Volgabo‘yi rayonlari (Astraxan) orqali Rossiyaning Yevropa hududi (Moskva oblasti) ustida shakllangan nam va sovuq havo oqimlari kiradi, deya xabar qildi O‘zgidromet.

Bu kunlarda respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, 8 aprelda ayrim joylarga kuchli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Kechasi va 9 aprelda ertalab ayrim joylarda yog‘ayotgan yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.

Shamolning tezligi kuchayib, sekundiga 15−20 metrgacha, shiddat bilan esganda 23−28 metrgacha yetishi kutilmoqda.

Havo harorati 7 aprelda kechasi 10−15 daraja iliq, kunduzi 15−20 daraja, 8 aprelda kechasi 3−8 daraja iliq, kunduzi 5−10 daraja, 9 aprelda kechasi 0−5 daraja, ayrim joylarda 1 daraja sovuqqacha, kunduzi 5−10 daraja iliq bo‘ladi. 8−9 aprelda respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi bor.