2 aprel kuni NATOga a’zo davlatlarning tashqi ishlar vazirlari navbatdagi yig‘ilishda Shimoliy Makedoniyani NATOning o‘ttizinchi a’zosi sifatida qutlab olishdi. Bu haqda NATOning rasmiy saytida e’lon qilindi.

«Biz Shimoliy Makedoniyani NATOning o‘ttizinchi ittifoqchisi sifatida kutib olamiz. Koronavirus pandemiyasi tufayli ushbu misli ko‘rilmagan sinovga duch kelar ekanmiz, bizning 30 mamlakatimiz bilan birga hamjihatlikda va transatlantik birdamlikda turaylik», — dedi NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg.

Bayonotdagi e’longa ko‘ra, ushbu yig‘ilishda Shimoliy Makedoniyaning tashqi ishlar vaziri to‘liq a’zo sifatida videokonferensiya orqali ishtirok etdi.

Shimoliy Makedoniya 30 mart kuni Belgiyadagi NATO shtab-kvartirasida o‘z bayrog‘ini ko‘targan edi.

Ma’lumot uchun, sobiq yugoslav respublikasi Gretsiya bilan uzoq yillar davom etgan tortishuvlardan keyin Makedoniya nomini Shimoliy Makedoniya deb o‘zgartirgan edi. Shundan so‘ng 2019 yili NATO a’zo davlatlari Shimoliy Makedoniya bilan ushbu harbiy ittifoqning 30-a’zosi bo‘lish huquqini beruvchi bitimni imzoladilar.