Yaponiyada istiqomat qilayotgan bir guruh vatandoshlar 3 aprel kuni hukumat tomonidan tashkil etilgan charter reys orqali Paramount Bed kompaniyasining 13 ta maxsus tibbiyot karavotlarini insonparvarlik yordami sifatida O‘zbekistonga jo‘natdi. Bu haqda Yaponiyadagi O‘zbekiston fuqarolaridan biri «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Yaponiyalik xayrsevar insonlar ko‘magida sotib olingan ushbu tibbiyot karavotlari o‘zining ko‘p funksiyaliligi, tananing turli qismlariga moslashuvchanligi bilan ayniqsa og‘ir ahvoldagi bemorlar uchun qulaylik yaratadi.

Mazkur insonparvarlik yordamining jo‘natilishida O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi, Vazirlar Mahkamasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi amaliy ko‘mak ko‘rsatdi.

«Butun dunyoda ko‘pchilikning kundalik hayotini izdan chiqishga sabab bo‘layotgan bu koronavirus qanchalik iqtisodiy va ma’naviy tanglik keltirib chiqarayotgan bo‘lmasin, Yaponiyadagi yurtdoshlarimiz har doim o‘z vatanlari haqida qayg‘urishlari tahsinga sazovordir», — dedi axborot manbasi o‘z xabarida.