28 mart kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Amerika tarixida eng yirik miqdordagi iqtisodiy rag‘batlantirish to‘g‘risidagi qonunga qo‘l qo‘ydi. Bu haqda AQSHning Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur «CARES Act» (Coronavirus Aid, Relief, and Economic Security Act) nomli qonun koronavirus pandemiyasining AQSH iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini yumshatishga va har tomonlama rag‘batlantirishga qaratilgan bo‘lib, AQSH Kongressining har ikki palatasi tomonidan yakdillik bilan qabul qilingan.

2,2 trillion dollarlik ushbu iqtisodiy rag‘batlantirish quyidagicha taqsimlanishi rejalashtirilgan:

Biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun: 500 mlrd dollar yirik biznesga ajratilgan. Bundan 50 mlrd koronavirusdan eng og‘ir ta’sir ko‘rgan aviakorxonalarga ajratilishi belgilangan. 350 mlrd dollar esa kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun. Bunda kichik biznes sub’ektlari o‘zining tadbirkorlik faoliyatini koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga qaramasdan to‘xtatmasligi va ishchilariga muntazam ravishda oylik berishda davom etish maqsadlari ko‘zlangan.

Aholiga to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lov uchun: 300 mlrd dollar AQSHning aholisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lov maqsadida ajratiladi. Bu odam boshiga 1200 dollarga teng bo‘lib, har bir yosh bola uchun (17 yoshdan kichik bo‘lgan) qo‘shimcha 500 dollar miqdorida berilishi belgilangan.

Ishsizlik darajasini kamaytirish uchun: 250 mlrd dollar ishsiz qolgan fuqarolarga nafaqa sifatida berilishi belgilab o‘tilgan. Koronavirus sababli ishidan ayrilgan o‘rtacha ishchi to‘rt oy davomida to‘liq 100 foiz maoshini oladi.

AQSHning mahalliy hukumatlari uchun: 150 mlrd dollar mahalliy hukumatlar koronavirusga qarshi kurashi uchun ajratiladi. Bundan 45 mlrd dollar Falokatlarni bartaraf etish fondiga yo‘naltirilgan.

Sog‘liqni saqlash uchun: 140 mlrd dollardan ortiq mablag‘ sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish maqsadida ajratilgan. Bundan 100 mlrd dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri shifoxonalarga yo‘naltiriladi. 27 mlrd dollar vaksina yaratish, muolajalar va sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga qaratilgan boshqa maqsadlar uchun. Shuningdek, 16 mlrd dollar Milliy strategik zaxira yaratish uchun belgilangan. 3,5 mlrd dollar esa ona va bola sog‘lig‘ini himoya qilishga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Mudofaa va xavfsizlik uchun: 1 mlrd dollar mudofaa va xavfsizlik xizmatlariga yetarlicha qurol-aslahalar bilan ta’minlash uchun ajratilgan.

Bundan tashqari, qonunda fuqarolar, fondlar va tadbirkorlik sub’ektlar uchun bir qator soliq yengilliklari va moliyaviy cheklashlar belgilab o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, Jon Xopkins institutining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab COVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar ro‘yxatida AQSH yetakchilikka chiqib oldi. 30 mart kuniga qadar AQSHda 140 ming nafardan ziyod aholida virus aniqlangan bo‘lib, ulardan 5 ming nafarga yaqini sog‘ayib ketdi, 2,5 mingdan ortiqrog‘i esa vafot etdi.