O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi 16 mart kuni maxsus aviabort bilan Eronga Covid-19 koronavirusi tarqalishi munosabati bilan himoya vositalari va dori vositalaridan iborat insonparvarlik yordamini jo‘natdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Hukumat farmoyishiga ko‘ra, ushbu yuk steril tibbiy qo‘lqoplar, himoya qiluvchi kombinezonlar, maxsus tibbiy formalar, niqoblar, doka, spirt, gigiyenik gellar va dori vositalar singari umumiy og‘irligi qariyb 7 tonnaga yaqin bo‘lgan tibbiy buyumlarni o‘z ichiga oladi. Maxsus bortga ikki nafar FVV shifokori hamrohlik qiladi. Ortga qaytishlari bilan ular ikki haftalik karantinga olinadi.

Avval xabar qilinganidek, bugun FVVning xuddi shu bortida Erondan O‘zbekistonga 28 nafar O‘zbekiston fuqarosi, jumladan, yopilgan Eron-Turkmaniston chegarasida qolib ketgan 14 nafar haydovchi, tadbirkorlar, talabalar va boshqalar olib kelinadi.

Ma’lumot uchun, Eron Islom Respublikasida COVID-19 koronavirusi bilan kasallanganlar soni 14 mingga yetdi. Bu ko‘rsatgich bo‘yicha Eron dunyo bo‘ylab Xitoy va Italiyadan keyin uchinchi o‘rinda turadi.