2 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, tashqi ishlar bo‘yicha komissiya devonxonasi rahbari Yan Szechi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari axborot xizmati xabar bergan.

Ta’kidlanishicha, yuqori martabali mehmon prezidentga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, XXR raisi Si Szinpinning Shavkat Mirziyoyev nomiga yo‘llangan shaxsiy maktubini topshirdi.

«Ushbu maktubda keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan hamda yangi turdagi koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirilgan», — deyiladi xabarda.

Uchrashuvda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Xitoy sherikligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

Tomonlar O‘zbekistonda energetika, neft-gaz, kimyo, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida hamda infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha ustuvor loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishni davom ettirish zarurligiga alohida e’tibor qaratgan.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, BMT, SHHT va boshqa tuzilmalar doirasidagi konstruktiv muloqotni mustahkamlash, shuningdek, «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusini ilgari surish doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati