O‘zbekiston transport vazirligi 1 martdan boshlab Afg‘oniston, Eron va Italiya bilan aviareyslarning vaqtincha to‘xtatilishi to‘g‘risida ushbu davlatlar aviatsiya ma’murlari va kompaniyalarini xabardor qildi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, bunday qaror koronavirusning O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida qabul qilingan.

O‘zbekiston tomoni koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashishi bilan ushbu mamlakatlar aviakompaniyalarining mavjud slotlarini qayta tiklash kafolatlarini tasdiqladi.

O‘zbekiston fuqarolariga koronavirus bilan bog‘liq vaziyat murakkablashuvi kuzatilayotgan Afg‘oniston, Eron va Italiya va boshqa mamlakatlarga vaziyat yaxshilanmaguncha sayohat qilmaslik tavsiya etiladi.

Xorijda bo‘lgan, shu jumladan koronavirus bilan kasallanganlar aniqlangan davlatlardagi fuqarolar, zarurat tug‘ilgan taqdirda, O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1 mart kuni Janubiy Koreya bilan havo qatnovida cheklov choralari joriy qilingani haqida xabar berilgan edi. Reyslar soni haftasiga bittaga qisqartirildi. Bundan tashqari, Tokio va Rimga, shuningdek, Jidda va Madinaga (Saudiya Arabistoni) parvozlar to‘xtatildi. Fevral oyining boshidan Xitoyga parvozlar to‘xtatildi.