O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Qatar poytaxti Doha shahrida o‘tayotgan Afg‘oniston tinchlik muzokaralarida ishtirok etmoqda, deb xabar beradi TOLO News agentligi.

Muzokara yakuniga ko‘ra imzolanadigan bitimda AQSH askarlarining Afg‘onistondan chiqib ketishi tartibi belgilanadi. Shuningdek, rasmiy hukumat va Tolibon harakati vakillari o‘rtasida otishmalarni to‘xtatish, siyosiy muloqotni davom ettirishga urg‘u beriladi.

«Biz, birinchi navbatda, juda optimistik ruhda bo‘lmoqchimiz. Ikkinchidan, ushbu tinchlik jarayonining boshlanayotganligini mamnuniyat bilan qarshi olamiz, — deya fikr bildirdi Abdulaziz Komilov TOLO News’ga bergan intervyusida. — O‘zbekiston Afg‘onistonning yon qo‘shnisi hisoblanadi va o‘tgan bir necha asrlar mobaynida bizni afg‘on xalqi bilan juda yaqin gumanitar, madaniy va iqtisodiy aloqalar bog‘lab turadi. Shuning uchun, bugungi muammo faqat afg‘on xalqiga tegishli, deb o‘ylamaymiz. Bu mintaqadagi barcha davlatlarning muammosidir. Shuning uchun biz Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish uchun birgalikda harakat qilishimiz darkor. Chunki bu mintaqadagi barcha xalqlarning umumiy manfaatidir».

Vazir o‘rinbosari Ilhom Ne’matovning «Gazeta.uz» muxbiriga bildirishicha, imzolanishi kutilayotgan bitim keyingi muzokaralarga ham yo‘l ochadi. Vazir o‘rinbosari Dohadan keyingi natijaga qarab, afg‘on hukumati va Tolibon harakati vakillari ishtirokida O‘zbekistonda uchrashuv tashkil qilinishini istisno etmadi.

Afg‘oniston hukumati AQSH rasmiylarining Tolibon bilan muloqotini tanqid qilib, Doha muzokarasini boykot qilmoqchi bo‘lgan. Ammo prezident Ashraf G‘ani muzokarani ijobiy yakunlash uchun imkoniyatni qo‘ldan boy bermadi.

Jenevadagi anjumanda nutq qilgan G‘ani 12 minglik AQSH harbiylarining 1/3 qismi istalgan paytda Afg‘onistonni tark etishini ta’kidlagandi.