24 fevral kuni Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida hukumatning moliya-iqtisod siyosatiga mas’ul bo‘lgan rahbarlar, xususan moliya vaziri hamda iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘zgardi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» manbasi.

Unga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari — moliya vaziri lavozimida ishlagan Jamshid Qo‘chqorov iqtisodiyot va sanoat vaziri etib tayinlandi. Shuningdek, u moliya, iqtisodiyot va kambag‘allik bilan kurashish bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlagan. Avval moliya vaziri o‘rinbosari bo‘lgan Jamshid Qo‘chqorov 2017 yilda vazirlik rahbariga aylangandi. Shundan so‘ng, 2019 yil fevralidan u bosh vazir o‘rinbosari — moliya vaziri sifatida ishlab kelayotgandi.

Qo‘chqorov boshqargan moliya vazirligiga shu paytga qadar vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Timur Ishmetov tayinlagan. Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidagi faoliyatiga bir yil to‘lmagan Ishmetov muqaddam Markaziy bank raisi o‘rinbosari edi. Hukumatdagi manbaning ta’kidlashicha, Ishmetovning birinchi o‘rinbosari etib, Nasritdinxo‘jayev Omonullo tayinlanishi kutilmoqda.

Jamshid Qo‘chqorov rahbarligiga o‘tgan Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga Botir Xo‘jayev boshchilik qilayotgandi. Endilikda u bosh vazirning sanoat va kooperatsiyalar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan.

Bundan tashqari, bosh vazir maslahatchisi Nodir Otajonov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Ayni paytda u «O‘zagrotexsanoatxolding» AJ boshqaruv raisi maqomini saqlab qoladi. Olti oycha Prezident administratsiyasida ishlagan Otajonov avval ham bosh vazir o‘rinbosari edi.