Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi raisining Keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Botir Parpiyev yangi lavozimga tayinlandi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbasi.

Xabarda ta’kidlanishicha, Davlat soliq qo‘mitasi sobiq raisi Parpiyev endilikda yangi tashkil etilgan mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari bo‘lgan.

Shuningdek, vazirning birinchi o‘rinbosari etib sobiq Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan Elmira Bositxonova tayinlangan. Bundan tashqari, sobiq «Nuroniy» jamg‘armasiga rahbarlik qilgan Sodiqjon Turdiyev ham vazir o‘rinbosariga aylandi. U 19 fevral kuni Adliya vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida vazir o‘rinbosari sifatida tanishtirilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 18 fevral kuni o‘tkazilgan navbatdagi majlisida O‘zbekiston prezidentining «Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonini tasdiqlash haqidagi masala ko‘rib chiqilgandi.

Davlat rahbarining mazkur farmoni bilan O‘zbekiston Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etilishi ma’qullangan. Shuningdek, yangi tuzilma rahbari lavozimiga Rahmat Mamatov nomzodini ma’qullangan.

Shundan keyin, vazir o‘rinbosari vazifalari Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Ikromov zimmasiga yuklatilgani xabar berildi.