Toshkent IIBB Chilonzor tumani 18-mavzeda ko‘p qavatli uy liftida qiz bolaga hujum qilgan erkakni qidirmoqda.

Boshqarma matbuot xizmatining xabar qilishicha, hodisa 15 fevral kuni kunduzi sodir bo‘lgan. Noma’lum shaxs qiz bolaga hujum qilgan, qiz qichqirgach qo‘rqqan va qochib ketgan.

Hodisa joyiga chaqirilgan profilaktika inspektori jabrlanuvchi bilan birga tashqi kuzatuv kamerasi yozuvlarini ko‘rib, erkak tasvirini suratga olgan. Gumondor haqidagi mavjud ma’lumotlar Chilonzor tumanidagi barcha ichki ishlar bo‘limlariga tarqatilgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi ichki ishlar organlari xodimlarining harakatsizlikda ayblovlarga izoh berar ekan, IIBB jabrlanuvchi dastlab ariza yozishdan bosh tortgani, biroq tushuntirish ishlaridan keyin rozi bo‘lganini ma’lum qildi.

«Ayni vaqtda tekshiruv doirasida gumondor shaxsni aniqlash va uni qo‘lga olish ishlari olib borilmoqda», — deya qayd etdi IIBB.

Gumondor haqida 71−232−30−40, 71−232−40−50 yoki 102 telefon raqamlari orqali xabar berish mumkin.