O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyasiga tashrifi joriy yil iyun oyining ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov ma’lum qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Yaxshiroq tayyorlanish maqsadida ushbu tashrifni iyunning ikkinchi yarmida uyushtirishga kelishib oldik», — dedi juma kuni brifingdagi savolga javob bergan Ne’matov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga tashrifi dasturiga hududlar va rektorlar o‘rtasidagi navbatdagi forumlar, media-forum va boshqa tadbirlar kiradi.

Tadbirda qayd etilganidek, tomonlar yanvar oyida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Toshkentga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga tashrifi vaqti to‘g‘risida kelishib olgan edi.

Eslatib o‘tamiz, bir necha kun muqaddam O‘zbekiston va Rossiya prezidentlarining telefon orqali muloqotida O‘zbekiston prezidentining Rossiyaga davlat tashrifi kun tartibini tayyorlash, shuningdek, mamlakatning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raisligi yilida ikki davlat hamkorligining istiqbollari ko‘rib chiqildi.