Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchisi Daniyel Rozenblyumning aytishicha, AQSH davlat kotibi Maykl Pompeoning mintaqa davlatlari bilan harbiy tashkilot tuzish taklifini ilgari surgani haqiqatga mos emas. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri elchining so‘zlariga tayanib xabar bermoqda.

29 yanvar — 4 fevral kunlari Maykl Pompeo Yevroosiyo davlatlariga safari davomida Qozog‘iston va O‘zbekistonga ham tashrif buyurdi. Davlat kotibi Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi siyosiy mahkamalari rahbarlari bilan «C5 + 1» formatidagi uchrashuvda muloqot qildi.

Pompeo tashrifi payti rusiyzabon nashrlarda AQSH mintaqa davlatlariga harbiy tashkiloti tuzish, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga o‘xshash tuzilmaga birlashishni taklif etishi haqida yozgandi.

6 fevral kuni AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasida o‘tgan matbuot anjumanida elchi Daniyel Rozenblyum yuqoridagi xabarni inkor etdi.

«Bunday taklif ham, g‘oya ham bo‘lmagan. Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga monand uyushma yaratish haqida gap yo‘q. Bu matbuotda qanday paydo bo‘lgani haqida tasavvurga ham ega emasman», — dedi elchi.

«Kommersant’» nashri Maykl Pompeo mintaqa bilan harbiy tashkilot tuzishga intilishi haqida yozgandi. Shuningdek, rasmiy Moskva O‘zbekistonning Rossiya ishtirokidagi harbiy tashkilotga qaytishidan umidvorligi bildirilgan.

1992 yili «Toshkent pakti» sifatida tashkil topgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga Markaziy Osiyoda Turkmaniston va O‘zbekistondan tashqari barcha davlatlar a’zo hisoblanadi. Rasmiy Toshkent tashkilot doirasidagi faoliyatini 2012 to‘xtatgan.