2020 yilda bank mijozlarini masofadan turib, identifikatsiya qilish amaliyoti ustidagi ishlar yakuniga yetadi. Shundan so‘ng, istalgan bankda masofadan turib hisob raqam ochish imkoniyati paydo bo‘ladi, uydan chiqmay to‘lovlarni amalga oshirish hamda bankning boshqa xizmatlaridan foydalanish mumkin bo‘ladi. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Bexzod Hamroyev Xalqaro press-klub sessiyasida ma’lum qildi.

O‘zbekiston banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga ko‘ra, hisobvaraqlar ochish uchun hujjatlar mijozning imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan varaqchasida ko‘rsatilgan yoki mijozning ishonchnomasi asosida vakil qilingan shaxslar tomonidan shaxsan taqdim qilinishi kerak.

Markaziy bank raisi o‘rinbosarining bildirishicha, tijorat banklari faoliyatida raqamlashtirish masalasiga katta e’tibor qaratiladi, shundan so‘ng mijozlarga yangi qulaylik paydo qilinadi.

Bundan tashqari, sog‘lom iqtisodiy muhitni yaratish maqsadida Markaziy bank joriy yildan inflyatsion targetlash yo‘liga o‘tdi.

Bexzod Hamroyevga binoan, ajratiladigan kreditlar qayta moliyalash stavkasidan past foizda berilmasligi kerak. Shuningdek, Markaziy bank bu yil kreditlash siyosatida biroz o‘zgarishlar kutilishini ma’lum qilgan.