28 yanvar kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov yangi koronavirus infeksiyasi mavzusida yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Xalqaro press-klubning 29 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat rahbari kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

«Har bir idora va tashkilotga, shu jumladan Sog‘liqni saqlash vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Chegara qo‘shinlariga, ko‘rsatmalar berildi. Avvalo, koronavirusning kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun chegaradagi sanitariya-karantin punktlari faoliyatini nazorat qilishimiz kerak. Bu allaqachon qilingan. Hozir u yerda xodimlarimiz ishlamoqda. Yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis har bir punktga biriktirilgan va issiqlik o‘lchash uskunasi yordamida chegarani kesib o‘tgan aholining isitma bor-yo‘qligini tekshirib ko‘rishadi».

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 28 yanvar kunidagi vaziyat to‘g‘risidagi hisobotiga ko‘ra, dunyoda koronavirusdan o‘lganlar soni 106 kishini tashkil qiladi. 4593 ta kasallikka chalinish holati qayd etildi, 6973 kishi gumon qilinmoqda.

Bahodir Yusupaliyevning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanish holatlari uchramagan.

«Koronavirus — bu havo tomchilari orqali odamdan odamga [asosan] aksirish va yo‘talish orqali yuqadigan infeksiyadir. Taqqoslaydigan bo‘lsak, u gripp singari havo orqali yuqadigan infeksiyaga o‘xshaydi. Alohida ta’kidlash kerakki, grippda o‘lim darajasi 2−4% ni tashkil qiladi. Koronavirusda ham o‘lim darajasi 2−4 foizni tashkil etadi», — dedi u.

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari ta’kidlaganidek, O‘zbekiston, zarurat tug‘ilgan aqtdimrda, ushbu kasallikka qarshi kurashishga qodir.

«Biz ushbu infeksiyaga qarshi kurashishimiz mumkin. Avvalo, siz gigiyena talablari va qoidalarini bilishingiz va ularga rioya qilishingiz kerak. Bu shuni anglatadiki, shamollagan odam niqob kiyishi va izolyatsiya qilinishi kerak. Kasallik alomatlari bo‘yicha tayinlangan dori-darmonlarni qabul qilish lozim. Bu davolash mumkin bo‘lgan kasallikdir», — dedi Bahodir Yusupaliyev.

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari har bir tibbiyot birlashmasida zaxira o‘rinlar yaratilgani va dori-darmonlar tayyorlanganligini qo‘shimcha qildi.

«Avvalo, har kim o‘ziga g‘amxo‘rlik qilishi kerak va tibbiyot xodimlari esa tegishli choralarni ko‘rishda davom etadilar», dedi u.

Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya farovonligi agentligi bosh mutaxassisi Lyudmila Kudasheva O‘zbekistonda davlat chegarasini kesib o‘tgan shaxslar, ayniqsa, Xitoydan kelayotganlarni tibbiy-sanitariya nazorat qilish kuchaytirganini ta’kidlagan edi.