Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Xitoyda yangi turdagi koronavirus tarqalishini xalqaro tashvishga soladigan favqulodda holat deb e’lon qilmaslikka qaror qildi, ammo vaziyatning jiddiyligini tan oldi. Bu haqda JSSTning Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qo‘mitasining ikki kunlik yig‘ilishidan keyingi bayonotida so‘z boradi.

«Bu Xitoy uchun favqulodda vaziyat, ammo u hozircha dunyo miqyosidagi sog‘liqni saqlash holati uchun favqulodda vaziyatga aylangani yo‘q, ammo bunday bo‘lishi ham mumkin», — dedi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus.

Uning ta’kidlashicha, yangi pnevmoniyaning tarqalishi «Xitoy uchun juda katta xavf hamda mintaqa va dunyo uchun yuqori xavf tug‘diradi».

Hozirgi vaqtda JSSTga 584 ta holat va 17 ta o‘lim holati ma’lum. Shu bilan birga, 575 ta kasallikka chalinish holati va barcha o‘limlar Xitoyda sodir bo‘ldi. Virus mamlakat tashqarisida Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Tailand, AQSH va Vetnamda aniqlandi.

«Bizga hali ko‘p narsa ma’lum emas. Biz ushbu virusning manbasini bilmaymiz, uning qanchalik oson tarqalishini tushunmaymiz va uning klinik xususiyatlarini yoki og‘irligini to‘liqligicha anglab yetganimiz yo‘q», — deya tushuntirish berdi JSST rahbari.

Qo‘mita virusning har qanday mamlakatda paydo bo‘lishi mumkinligini istisno etayotgani yo‘q. Shu bois barcha mamlakatlarga tayyor turish, faol ravishda kuzatuv olib borish va barvaqt aniqlash, shuningdek, kasallikka chalinish holatlari to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni JSSTga taqdim etishni tavsiya qildi.

Xitoyda kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan pnevmoniya kasalligi dekabr oyining oxirida ma’lum bo‘ldi. Kasallikning odamdan odamga yuqishi holatlari ma’lum. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi avvalroq Xitoyda koronavirusning tarqalishi sababli epidemiologik holatdan xavotirlanish uchun hech qanday sabab yo‘q deb ma’lum qildi.