Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga Murojaatnoma yo‘llamoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot sohasidagi vazifalarga to‘xtalar ekan, biznes muhitini yanada yaxshilash eng muhim masalalardan biri bo‘lib qolishini ta’kidladi.

«Jahon bankining «Biznes yuritish» reytingida, eng yaxshi 50 ta mamlakat qatoriga kirish bo‘yicha barcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni qabul qildik.

Hukumat ushbu tadbirlarning amaliy ijrosini samarali tashkil etishi zarur.

Yaqinda qabul qilingan yangi Soliq kodeksiga muvofiq, bu yildan boshlab ko‘plab yangiliklar amaliyotga joriy etilmoqda.

Jumladan, soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Soliqlarni to‘lash muddatini uzaytirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berish bo‘yicha, yengillashtirilgan mexanizmlar kiritildi.

Birinchi marta tadbirkorlarga ichki bozorda sotgan mahsuloti bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibi joriy etilmoqda.

Hozirgacha bu tartib faqat mahsulot eksport qilinganda qo‘llanar edi. Buning hisobidan tadbirkorlar ixtiyorida 3,4 trillion so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p mablag‘ qoladi.

Endi tadbirkor tomonidan to‘langan ortiqcha soliq o‘z muddatida qaytarilmasa, unga Markaziy bankning asosiy stavkasi bo‘yicha byudjetdan foiz to‘lanadi

Buning ahamiyatini mana shu zalda o‘tirgan va «oynai jahon» orqali mening so‘zlarimni eshitayotgan tadbirkorlar, o‘ylaymanki, hammadan ko‘ra yaxshi tushunadi.

Soliq kodeksi normalarini har bir soliq xodimi, tadbirkorlar va soliq to‘lovchilar puxta o‘zlashtirishi, buning uchun ularni muntazam ravishda o‘qitish zarur.

Soliq xizmati xodimlari dunyoqarashini tubdan o‘zgartirish va malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi qoshida Fiskal institutini tashkil etishni taklif qilaman.

Bu jarayonga katta tajribaga ega nufuzli xorijiy ekspertlarni jalb qilish zarur.

Shu bilan birga, tadbirkorlarni ko‘p qiynaydigan soha — litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartiblarini jiddiy o‘zgartiramiz.

Ochiq aytish kerak, mavjud 280 ga yaqin litsenziya va ruxsatnomalar orasida, faoliyat turlari hisobini yuritish, mablag‘ undirish yoki shunchaki «nazorat qilish» uchun joriy qilinganlari ham bor.

Bu esa tadbirkorlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Shu sababli Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman 2020 yil 1 martga qadar litsenziya va ruxsatnomalar berish asoslarini tubdan qayta ko‘rib chiqib, ularning sonini kamida 2, bo‘lmasa, 3 barobarga qisqartirish bo‘yicha aniq taklif kiritsin.

Shuningdek, «Kichik va o‘rta biznes to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish zarur.

Unda kichik va o‘rta biznes mezonlari hamda bu soha vakillarini rag‘batlantirish mexanizmlari nazarda tutilishi kerak.

Bu yil har bir hududda tadbirkorlarga yer uchastkalariga oid ma’lumotlarni ochiq va haqqoniy yetkazish bo‘yicha yangi tizim joriy etamiz.

Unga ko‘ra, tadbirkorning faoliyat yuritishi uchun zarur bo‘lgan bo‘sh yer maydonlari, bino va inshootlar, ularning qiymati va shartlari haqidagi to‘liq xaritani istalgan vaqt va hududda «onlayn» tarzda olish imkoniyati yaratiladi.

Xabaringiz bor, bundan 2 yil oldin korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga nisbatan e’lon qilingan moratoriy muddati tugadi.

Lekin, bu yana eski usulda yoppasiga tekshir-tekshirlarni boshlab yuborish mumkin, degani emas.

Kimgadir bu yoqadimi-yoqmaydimi, biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Barcha nazorat idoralari rahbarlari shuni qulog‘iga yaxshilab quyib olsin.

2020 yil birinchi chorakda ilg‘or tajribalar asosida, barcha darajadagi nazorat qiluvchi idoralarda yangi zamonaviy tizim joriy etilishi shart.

Bu orqali har bir korxona va tadbirkor bo‘yicha alohida-alohida ishlab, ularning qonuniy faoliyat yuritishini ta’minlash, tekshirishni esa eng so‘nggi favqulodda chora sifatida adolatli o‘tkazish lozim.

Mazkur masala yuzasidan, nazorat idoralarining rahbarlari parlament oldida har chorakda shaxsan hisobot berib boradi.

Bankrotlik borasidagi hozirgi tartib-tamoyillar korxonalarni tugatish va mol-mulkdan tushgan mablag‘lar hisobidan, qarzlarni qoplashni nazarda tutadi.

Shuning uchun, so‘nggi 3 yilda atigi 3 ta korxonada sanatsiya qo‘llanilgan, xolos.

Endi bunday qoidadan butunlay voz kechib, to‘lovga qobiliyatsiz korxonalarni eng ilg‘or xorijiy tajriba asosida sog‘lomlashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy etamiz.

Tadbirkorlar huquqlarini ta’minlashda Oliy Majlisning ikkala palatasi ham ta’sirchan parlament nazoratini yo‘lga qo‘yishi zarur.

Tadbirkorlik sohasida ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan ayrim jinoyat turlarini jinoyat toifasidan chiqarish siyosatini izchil davom ettirishimiz lozim.

Jumladan, soxta tadbirkorlik, raqobatchi obro‘sini tushirish kabi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik bekor qilinadi.

Shuningdek, bojxona qonun hujjatlarini buzish jinoyatini birinchi marta sodir etgan, lekin to‘lovlarni to‘lagan shaxslarni, jinoiy javobgarlikdan ozod qilish kerak.

Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik sub’ekti a’zolariga «jinoiy uyushma» degan ayblov qo‘yib, ularga og‘ir jazo tayinlash kabi allaqachon umrini o‘tab bo‘lgan tartiblarni bekor qilish vaqti yetdi.

Buning oqibatida yuzlab tadbirkorlar qanchadan-qancha aziyat chekib, moddiy zarar ko‘rayotganlarini inobatga olsak, bu o‘zgarishlarning qanday katta ahamiyatga ega ekani yaqqol ayon bo‘ladi.

Oliy sud, Bosh prokuratura, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi 2020 yil 1 aprelgacha ana shu masalalar bo‘yicha tegishli qonun loyihasini puxta ishlab chiqishi lozim.

Yettinchidan, iqtisodiyotimiz rivojini, aholi bandligi va daromadlari o‘sishini ta’minlaydigan eng muhim sohalardan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligini strategik yondashuvlar asosida taraqqiy ettirish zarur.

Tarmoqdagi hozirgi o‘sish sur’atlari bizni mutlaqo qoniqtirmaydi. Bu borada bozor mexanizmlarini keng joriy qilib, fermer va dehqonlar manfaatdorligini oshirmas ekanmiz, biz kutgan sezilarli o‘zgarish bo‘lmaydi.

Shu bois, paxta va g‘alla yetishtirishga davlat buyurtmasini bekor qilib, ushbu mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tamiz

Agar bu yo‘ldan bormasak, fermer va dehqonlarimizga mahsulot yetishtirishda erkinlik bo‘lmaydi, ular o‘zi kutganday manfaat ko‘rmaydi, hokimlarning esa ish uslubi o‘zgarmaydi.

Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini isloh qilib, agrar sohaning boshqa tarmoqlariga ham, arzon kreditlar ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

Kelgusida Qishloq xo‘jaligi vazirligi soha korxonalariga ko‘rsatma berish, resurslarni taqsimlash, reja belgilash kabi eski ish usullaridan mutlaqo voz kechishi zarur.

Buning o‘rniga, vazirlik servis tashkilotiga aylanishi, xususiy agrosanoat tashkilotlariga yer holatini aniqlash, ekin turlari va urug‘ni to‘g‘ri tanlash, zararkunandalarga qarshi kurashish, moliyaviy ko‘maklashish, mahsulot bozorini topish bo‘yicha xizmat ko‘rsatishi kerak.

Agrar tarmoqda fermerlik harakatini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, paxta va g‘alla yetishtirishni klaster shakliga bosqichma-bosqich o‘tkazish bo‘yicha izlanishlarimizni davom ettiramiz.

Meva-sabzavot, sholichilik, chorvachilik va ipakchilik kabi boshqa tarmoqlarda ham bugungi kun talabiga javob beradigan klasterlarni tashkil etish ishlarini davom ettiramiz.

Bu yil 2 milliard dollarlik, keyingi 5−7 yilda esa bundan 3−4 barobar ko‘p meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish uchun mahsulot yetishtirishni keskin ko‘paytirish choralarini ko‘rish zarur.

Parlament ushbu islohotlarimizning huquqiy asosi bo‘lgan «Kooperatsiya va klasterlar to‘g‘risida"gi yangi qonunni tezroq qabul qilsa, ushbu katta reja va niyatlarimizga mos ish bo‘lur edi.

Bu yil meva-sabzavotchilik, uzumchilik, urug‘chilik, chorvachilik, agro-logistikani rivojlantirish, suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlari, soha uchun malakali kadrlarni tayyorlashga 3 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiramiz.

Chorvachilik, qorako‘lchilik, baliqchilik, parrandachilik kabi sohalarda naslchilikka alohida e’tibor qaratilib, uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari tatbiq etiladi.

2020 yilda 44 ming gektarda yoki o‘tgan yilga nisbatan qariyb 4 barobar ko‘p maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etamiz.

Buning uchun davlat byudjetidan 300 milliard so‘m subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, suv xo‘jaligi ob’ektlarini boshqarish jarayonlarini, suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritish tizimini avtomatlashtirish zarur.

Ushbu masalalar Suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasida o‘z aksini topishi kerak. Vazirlar Mahkamasi joriy yil 1 aprelga qadar ana shu konsepsiya loyihasini tasdiqlash uchun kiritsin.

Sakkizinchidan, turizmni iqtisodiyotning strategik tarmog‘iga aylantirish biz uchun ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.

Hukumat oldidagi eng muhim vazifalardan biri joriy yilda yurtimizga keladigan turistlar sonini 7,5 millionga yetkazishdan iborat.

Ma’lumki, qator nufuzli xorijiy ommaviy axborot vositalari 2020 yilda O‘zbekistonni sayohatga albatta borish tavsiya etilgan mamlakatlar qatoriga kiritdi.

Biz bunday imkoniyatdan unumli foydalanishimiz kerak.

Katta salohiyatga ega bo‘lgan ziyorat va tibbiyot turizmini ham jadal rivojlantirish zarur.

Yurtimizda 8 ming 200 dan ziyod madaniy meros ob’ekti mavjud bo‘lib, turizm marshrutlariga ularning atigi 500 tasi kiritilgan.

Hukumat uch oy muddatda ziyorat va an’anaviy turizmni rivojlantirish mumkin bo‘lgan marshrutlardagi ob’ektlar sonini 800 taga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilasin.

Yana bir vazifa — YUNESKOning Umumjahon moddiy madaniy merosi va Nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga O‘zbekistondagi yangi ob’ektlarni kiritishni jadallashtirish lozim.

Joriy yilda yangi zamonaviy mehmonxonalarni qurishga davlat byudjetidan 200 milliard so‘m subsidiya ajratib, turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish zarur.

To‘qqizinchidan, urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirgan holda, hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish kerak.

Ana shu ishlar doirasida 7 ta yirik shahar — Andijon, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Farg‘ona, Namangan, Nukusga tutash bo‘lgan 12 ta yo‘ldosh shaharcha tanlab olinib, ularni rivojlantirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Shunga bog‘liq yana bir masala — asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish o‘rinlari yaratilayotgan hududlarimiz o‘rtasida tafovut mavjud.

Buning yechimi — ichki migratsiyani erkinlashtirishdir.

Shu bois, parlament va Hukumat 2020 yil 1 aprelga qadar propiska tizimini isloh qilish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganib, aniq takliflarni ishlab chiqishi lozim.

Uy-joy qurilishiga xususiy sektorni faol jalb qilmasdan turib, aholining uy-joyga bo‘lgan talabini to‘liq ta’minlash mumkin emas. Shu sababli yangi ipoteka tizimi joriy etilmoqda.

Bu borada viloyatlardagi shaharlar va Toshkent shahrida 18 mingga yaqin hamda qishloqlarda 4 mingta uy-joy xususiy sektor tomonidan quriladi.

Davlat, banklar o‘rtasida sog‘lom raqobatni ta’minlash maqsadida, ularga qariyb 4 trillion so‘m mablag‘larni auksionlar orqali ajratadi.

Kam ta’minlangan aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida shaharlarda 16 ming oilaga uy-joy olishga boshlang‘ich badal va kredit foizini qoplashga byudjetdan 1 trillion so‘m subsidiya ajratiladi.

Mening eng katta niyatim shuki, Vatanimiz ichra har bir inson, o‘zining «kichik vatani»ga — uy-joyiga ega bo‘lsa, bizdan xalqimiz ham, Yaratgan ham rozi bo‘ladi».


Tadbir davom etmoqda.