O‘zbekistonlik havo gimnastikachilari Kristina Vorobyova va Rustem Osmanov 3 yanvar kuni Karre Amsterdam teatridagi chiqishi paytida o‘n metr balandlikdan qulab tushishdi. Fojia Rustem Osmanov Kristina Vorobyovani bir qo‘li bilan ushlab turgan vaqtda ikkinchi qo‘li kuchini yo‘qotishi natijasida ro‘y berdi, deb xabar berdi «MIR» telekanali.

Juftlik deyarli bir vaqtning o‘zida tushib ketdi: Vorobyova orqa tomoni bilan yiqilib, harakatsiz qoldi. Tomoshabinlar avvaliga voqeani chiqishning bir qismi sifatida qabul qilishdi, ammo ko‘p o‘tmay, boshlovchi hammadan zalni tark etishini so‘radi. Hozir akrobatlar kasalxonada, ularning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.

Kristina Vorobyova va Rustem Osmanov Sky Angels duetida ko‘plab sovrinlarni, shu jumladan sirk «Oskar"i deb ataladigan mazkur sanoatning eng oliy «Oltin masxaraboz» mukofotiga sazovor bo‘lishgan. Ular tishlarga osilgan holatda bajariladigan eng murakkab tryuklarni himoya to‘risiz bajaradigan O‘zbekistondagi yagona sirk artistlaridir.

«Biz o‘z chiqishimizni 5 yil oldin o‘ylab topganmiz va uni hamon takomillashtirishga harakat qilmoqdamiz», degan edi Kristina Vorobyova 2017 yilda «Gazeta.uz»ga. — Biz tish bilan chiqish qiladigan O‘zbekistondagi yagona havo gimnastikachilarimiz. Sirkda artist o‘z tomoshabinlarini hayratda qoldirishi va zavqlantirishi kerak, deb hisoblaymiz».