Juma kuni O‘zbekiston bo‘ylab nobarqaror ob-havo saqlanib turadi, respublika hududining katta qismida ob-havo bulutli bo‘lib, ayrim joylarga yomg‘ir yog‘adi, deya xabar qildi O‘zgidromet matbuot xizmati. Bunga Turkmaniston hududidan nam havo oqimlari chiqishi davom etayotgani bilan bog‘liqdir. Kunduzgi harorat iqlimiy me’yorga yaqin bo‘lib 5−8 daraja iliqni, janubda 10−12 daraja iliqni tashkil qiladi.

4−5 yanvar kunlari mamlaktda ob-havo o‘zgarmaydi. Avvalgidek vaqti-vaqti bilan ochilib bulutli havo ustunlik qiladi, ayrim joylarga kuchsiz yomg‘ir yog‘adi. 4 yanvarda shamolning tezligi sekundiga 15−20 metrgacha kuchayishi mumkin. Harorat kechasi 2 daraja sovuq — 3 daraja iliq atrofida, kunduzi 5−10 daraja iliq bo‘ladi.

Respublikaning shimoliy hududlarida faqat 4 yanvarda kuchsiz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. 5 yanvarda ushbu joylarda yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Harorat kechasi 3−8 daraja sovuq, kunduzi 2 daraja sovuq — 3 daraja iliqqacha pasayadi.