Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Yangi yil bilan tabrikladi. Tabrida davlat rahbari 2019 yil yangi O‘zbekiston tarixida har tomonlama yorqin iz qoldirganini ta’kidladi.

«O‘tib borayotgan yil mamlakatimiz uchun unutilmas voqealarga boy bo‘ldi. Turli qiyinchilik va sinovlarni ham boshimizdan kechirdik. Xalqimizning fidokorona mehnati bilan «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da ulkan yutuqlarga erishdik. Mamlakatimiz salohiyati va raqobatbardoshligini oshirish yo‘lida yangi qadamlar qo‘yildi», — dedi prezident. U erishilgan eng muhim yutuqlarni qisqacha sanab o‘tdi.

Eng muhimi, odamlarimizning hayot darajasi, Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi, ertangi kunga ishonchi tobora kuchaymoqda, — dedi prezident. — Jamiyatimizda demokratiya tamoyillari, ochiqlik va erkinlik muhiti chuqur qaror topmoqda".

«Biz milliy yuksalishning muhim bosqichiga qadam qo‘ymoqdamiz, — deya davom ettirdi Shavkat Mirziyoyev. — 2020 yilda ham iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda keng ko‘lamli islohotlarimizni faol davom ettiramiz».

Xususiy mulk, tadbirkorlik va biznes uchun yanada qulay muhit yaratishga, yangi ish o‘rinlari tashkil etishga alohida ahamiyat qaratamiz. Ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalarni, aholi real daromadlarini ko‘paytirish e’tiborimiz markazida bo‘ladi, deya ta’kidladi prezident.

«Odamlarimizning yashash sharoitini, kommunal-maishiy xizmat sifatini yaxshilash, arzon va qulay uy-joylar qurish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni yanada kengaytiramiz. Farzandlarimizga munosib ta’lim va tarbiya berishga, ularning qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishga barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz», — dedi u.

Davlat rahbari 2020 yilda aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarilishini ta’kidladi. Shuningdek, ijtimoiy himoya va ko‘makka muhtoj fuqarolarni doimiy qo‘llab-quvvatlashga birinchi darajali ahamiyat berilishini ma’lum qildi.

«Tinchlik va barqarorlikni, jamiyatimizda o‘zaro hurmat va ahillikni mustahkamlash asosiy vazifamiz bo‘lib qoladi. Bu borada dunyo hamjamiyati, avvalo, yon qo‘shnilarimiz bilan samarali hamkorlikni har tomonlama kuchaytiramiz», — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.