30 dekabr kuni Toshkent hokimining «Toshkent shahri ko‘chalarida avtotransport harakatini tartibga solish to‘g‘risida"gi farmoyishi qabul qilindi, deya xabar berdi poytaxt ma’muriyati matbuot xizmati.

Unga ko‘ra Yangi yil bayrami munosabati bilan 2019 yil 31 dekabr, 2020 yil 1−2 yanvar kunlari Toshkent shahrining markaziy va asosiy ko‘chalarida tashkil etiladigan yangi yil bayrami madaniy tadbirlari o‘tkaziladigan ko‘chalarda tirbandliklarning oldini olish maqsadida yuk avtomobillari (yuk ko‘tarish qobiliyati 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk tashuvchi avtomobillar)ning harakati vaqtincha to‘xtatiladi (oziq-ovqat mahsulotlari tashuvchi yuk avtomobillari bundan mustasno).

Yangi yil bayrami munosabati bilan dam olish kunlarida og‘ir yuk avtomobillari Toshkent xalqa avtomobil yo‘li va boshqa aylanma yo‘llar bo‘ylab harakatlanishi mumkin.

Shuningdek, bayram munosabati bilan belgilangan dam olish kunlarida shahar ko‘chalarida qurilish, ta’mirlash, yer osti muhandislik kommunikatsiyalarini ta’mirlash ishlari (favqulodda va avariya holatlaridan tashqari) vaqtincha to‘xtatiladi.