Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov zimmasiga yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik darajasini pasaytirish bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklatildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, keyingi yillarda o‘smirlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlarining oldini olish borasida salmoqli ishlar qilindi. Yoshlar Ittifoqi hududiy kengashlarining kafolat xatiga asosan sudlarda birinchi marta jazo turini yengillashtirishga qaratilgan yangi mexanizm joriy etildi.

So‘nggi 2 yilda adashib, xato yo‘lga kirgan, qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgan 620 nafar yoshlarga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turlari tayinlandi.

2018 yilning yanvar-noyabr oylarida sodir etilgan jami jinoyatlarda yoshlar ulushi 28,9 foizni (42784 tadan 12388 ta) tashkil etdi. Joriy yilning xuddi shu davrida, garchi jinoyatchilik darajasi kamaygan bo‘lishiga qarmasdan, bu ko‘rsatkich 34,6 foizga o‘sgan (33 mingdan ziyodroq ichida 11,5 ming).

Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov yoshlar jinoyatchiligi darajasining kamayishi uchun shaxsan javob berishini ma’lum qildi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, ikki yil muqaddam hududiy ichki ishlar organlarida yoshlar masalalari bo‘yicha boshliq o‘rinbosarlari lavozimlari joriy etilgan edi. «Biroq biz kutgan natijalar hozircha bo‘layotgani yo‘q», — dedi prezident.

«Ming afsuski, joylarda ushbu tuzilmalar, Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiya (raisi hokimlar), Yoshlar masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari, Yoshlar ittifoqi, Mahalla kengashlari yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘rtasida yaxlit bir hamjihatlik shakllanmagan», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari ikki oy muddatda voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligini oshirish, barcha davlat organlari va jamoatchilik vakillari bilan amaliy hamkorlikni keskin kuchaytirish bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlashni topshirdi.

Bundan tashqari, bir oy muddatda yoshlar orasida salbiy illatlarning oldini olish maqsadida harbiy sport va vatanparvarlik tarbiyasining rolini oshirishga qaratilgan «Sog‘lom bolalik» yillik dasturi ishlab chiqish va to‘liq amalga oshirish yuklatildi.