O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi harbiy qismga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni tomonidan berilgan topshiriqqa muvofiq, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda harbiy qism qayta tashkil etilib, yangi zamonaviy harbiy shaharchada joylashtirilgan edi.

Shavkat Mirziyoyev bu yerdagi sharoitlar, o‘quv-tarbiya jarayoni, zamonaviy ta’lim vositalari, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qay darajada joriy etilgani bilan tanishdi.

Tashrif chog‘ida harbiy xizmatchilar, vazirlik va idoralar, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi rahbariyati, texnika yo‘nalishidagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan suhbat bo‘lib o‘tdi. Harbiy ta’limni rivojlantirish, aloqa bo‘yicha harbiy mutaxassislarni saralash va tayyorlashning keng ko‘lamli tizimini yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan navbatdagi choralar belgilab olindi.

Shavkat Mirziyoyevga harbiy qismda amalga oshirilgan qurilish ishlari, mudofaa tizimida aloqa tarmoqlarini modernizatsiya qilish, jangovar va o‘quv tayyorgarlik jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Prezident harbiy qism ixtiyoridagi maxsus texnika va aloqa vositalarining namunalari bilan tanishdi.