23 dekabr kuni YeXHT rasmiy veb-sahifasida, YeXHT DIIHB missiyasining joriy yilning 25 noyabridan 25 dekabrigacha O‘zbekiston Respublikasi parlament saylovlarining kuzatuvlari natijalari to‘g‘risida e’lon qilingan dastlabki hisobotining asosiy xulosasida «Saylovlar hukumatning asosiy huquq va erkinliklarga nisbatan oshib borayotgan hurmati sharoitida bo‘lib o‘tdi» deya ma’lum qilindi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, «saylovlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017 yildan O‘zbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy sohalarida o‘zgarishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlari doirasida o‘tkazildi». Shu bilan birga, «Yangi O‘zbekiston — yangi saylovlar» shiori ostida Oliy Majlisga o‘tkazilgan saylovlar modernizatsiya va demokratlashtirish jarayonidagi muhim bosqich bo‘lib, davlat rahbarining ta’rifiga ko‘ra — ortga qaytarib bo‘lmaydigan xarakterga ega ekanligi alohida qayd etilgan.

YeXHT yangi qabul qilingan Saylov kodeksida ilgari YeXHT DIIHB tomonidan berilgan tavsiyalar mavjud bo‘lib, ushbu tavsiyalar saylovlarni huquqiy asoslarini xalqaro standartlar va YeXHT majburiyatlariga yaqinlashtirganini tan oladi.

«Markaziy saylov komissiyaning parlament saylovlarini namunaviy tarzda o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirgan sezilarli darajadagi sa’y-harakatlariga» ijobiy baho berildi. Hisobotda Markaziy salov komissiyaning saylovlarni o‘z vaqtida va belgilangan tartibda o‘tkazishga amal qilganligi aytiladi. Saylovchilarning xabardorligini va saylov komissiyasi vakillarining savodxonligini oshirish, nogiron shaxslarga kerakli sharoitlarni yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganligi e’tirof etildi. Jazoni o‘tash muassasalarida ozodlikdan mahrum qilingan, o‘ta og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganlikda ayblangan shaxslarga ovoz berish huquqining taqdim etilganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Ko‘p marotaba ovoz berishni bartaraf etuvchi va teng ovoz berish huquqini kafolatlovchi saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati tatbiq etilganligiga «ulkan yutuq» sifatida baho berildi. Saylov kampaniyasi hukumatning so‘z va fikr erkinligiga nisbatan oishib borayotgan hurmat sharoitida o‘tganligi ta’kidlandi. YeXHT ekspertlarining fikriga ko‘ra bu «OAVga saylov jarayonlarini keng yoritish imkonini berdi». Bundan tashqari amalga oshirilgan islohotlar fuqarolar va siyosiy partiyalar uchun siyosiy takliflar va hukumatga nisbatan tanqid bilan chiqish imkonini berganligi YeXHT tomonidan yuqori baholandi.

Hisobotda eng muhim yangilik sifatida jonli efirda debatlarning tez-tez o‘tkazilganligi ta’kidlangan. Mustaqil sharhning muhim manbai sifatida ko‘riladigan blogerlarning ta’siri ortib borayotganligi ko‘rsatib o‘tilgan. YeXHT kuzatuvchilari milliy ozchilikning huquqlari buzilishi holatlari kuzatilmaganligi ta’kidlagan.

Birinchi marta «Saylov kodeksi saylov qonunchiligining buzilishiga javoban huquqiy vositalarni va partiyalarning saylov oldi tashviqoti doirasida moliyaviy resurslar sarflanganligi to‘g‘risidagi xisobotlarni bir oy ichida o‘z veb-saytlarida va OAVda e’lon qilish majburiyatini ta’minlaydigan oqilona qonunchilik bazasini yaratganligi» e’tirof etilgan.

Alohida kayd etilishicha, saylovda 820 dan ortiq xalqaro kuzatuvchilar va 135 nafar chet ellik jurnalistlar ishtirok etgan va ular uchun saylov jarayonining barcha jabhalariga teng va to‘siqsiz kirish imkoniyati yaratilgan. YeXHT hujjatida davlat va jamoat boshqaruv tizimidagi, saylov amaliyotidagi bir qator ijobiy o‘zgarishlar ham qayd etilgan.

Shu bilan birga, YeXHT Missiyasining hisobotida saylov qonunchiligi va saylov amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan qator tavsiyalar mavjud.

Tuhmat qilish, «fuqarolarning qadr-qimmatini kamsitish» va «yolg‘on ma’lumot» tarqatish uchun jinoiy jazolarni bekor qilish taklif etiladi. Bu missiyaning fikricha, jurnalistlar faoliyatini va fikr erkinligi huquqini sezilarli darajada cheklaydi. Shu munosabat bilan, YeXHT/DIIHB Prezidentning 2019 yil 13−15 dekabr kunlari tuhmat va haqoratlar endi qamoq jazosi bilan jazolanmasligi uchun qonunlarga o‘zgartirishlar kiritishni topshiriq berganligini olqishlaydi.

Bundan tashqari, YeXHT/DIIHB Missiyasi ta’kidlashicha, deputatlikka nomzodlarga saylov kunidan kamida besh yil davomida mamlakatda bo‘lish talablarini belgilash eng yaxshi saylov amaliyotiga mos kelmaydi.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga saylovda ovoz berish huquqini berish, shuningdek fuqarolarga mustaqil nomzod sifatida ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif etiladi.

YeXHT Missiyasining fikriga ko‘ra, xozirgi vaqtda ayollar mamlakat jamoat va siyosiy hayotida yetarli darajada faol qatnashmayapti. Gender tenglik kampaniyaning eng cheklangan mavzusi edi va ushbu mavzu ommaviy axborot vositalarida muhokama qilinmadi, aksincha asosan erkak-nomzodlar mavzusi muhokama qilindi. Shu bilan birga, DIIHB Missiyasi Markaziy saylov komissiyasida ayollar soni 3 tadan 7 tagacha, saylov organlarida esa 49%ga oshganini ta’kidlab o‘tdi. Nomzod sifatida ko‘rsatilgan ayollar soni 41%dan oshganligi ham alohida ta’kidlab o‘tildi.

DIIHB Missiyasi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 22 iyundagi Oliy Majlis Senatining yalpi majlisidagi nutqida ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va rolini yanada kuchaytirish muhimligi to‘g‘risidagi fikrini keltirib o‘tdi.

Qolaversa, Missiya, ovoz berish kuni saylov uchastkalarida guruh-guruh bo‘lib ovoz berish holatlari, saylovchilarni ro‘yhatga olish va ovozlarni sanab chiqish jarayonida kuzatilgan xuquqbuzarliklar va yakuniy protokollarni to‘ldirishda qiyinchiliklar kuzatilganini qayd etdi. Ta’kidlash joizki, saylov kuni, Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda saylov qonunchiligi buzilish holatlari uchraganini tan oldi va ushbu holat yuzasidan xozirgi vahtda tegishli tekshiruvlar o‘tkazilmoqda.

Xulosada Missiya Markaziy saylov komissiyasi va Tashqi ishlar vazirligiga saylov jarayoni kuzatish uchun taklif etilgani uchun tashakkurnoma bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan saylovlarda birinchi marotaba YeXHT tashkilotiga a’zo bo‘lgan 37 davlatdan 316 kengaytirilgan kuzatuvchilar delegatsiyasi, shu jumladan, YeXXT/ DIIH byurosidan — 271 va YeXHT Parlament Assambleyasidan 45 nafar kuzatuvchi qatnashdi.

Shuningdek, oldingi hisobotlardan farqli o‘laroq, ushbu hisobotda YeXHT Parlament assambleyasi delegatsiyasining kuzatuv natijalari ham hisobga olingan.