Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish va ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi da’vo bilan «Gazeta.uz» va uning muallifi Komil Jalilovni sudga berdi.

12 dekabrdagi da’vo arizasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga yuborildi. Bunda da’vogar — Davlat test markazi, javobgar esa «Gazeta.uz» va uning muallifi Komil Jalilovdir. Hozircha sud da’voni ko‘rib chiqish uchun qabul qilgan-qilmagani ma’lum emas.

DTM direktori Majid Karimov tomonidan imzolangan arizada qayd etilishicha, bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning 3 oktyabrdagi topshirig‘i bilan DTM mutasaddi hokimliklar va vazirliklar bilan 7−15 oktyabr kunlari Sirdaryo viloyatida maktab direktorlari, xalq ta’limi boshqarmasi va tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi xodimlarining rahbarlik qobiliyatlari va boshqaruv mahorati, metodistlar va o‘qituvchilarning tegishli fan bo‘yicha bilimlarini aniqlash yuzasidan test sinovlarini tashkil etgan. Sinovlarda DTM bazasidagi topshiriqlardan foydalanilgan.

4 dekabr kuni «Gazeta.uz» saytida rus tilida «O‘qituvchini o‘qitish: XTVning pedagoglar malakasini oshirish bo‘yicha rejalari» («Nauchit uchitelya: Planы MNO po povыsheniyu kvalifikatsii pedagogov») sarlavhali maqola e’lon qilindi. Unda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Sirdaryo viloyatidagi 12261 nafar pedagog va maktab direktorining 66 foizi qonaqarsiz baho olgani ma’lum qilindi. Matbuot anjumanida ishtirok etgan «Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilov xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarovga bir qator savollar berdi.

«Gazeta.uz»: Siz Sirdaryo viloyatida o‘qituvchilar test sinovlarida past ko‘rsatkichlarga erishdi, dedingiz. Mana o‘qituvchilarga adabiyot fanidan berilgan test savollari namunalari: «Shoirning tarbiyasi bilan kim shug‘ullangan?» Javoblar: «opasi», «akasi», «bobosi», «buvisi». Bu savolda gap qaysi shoir haqida ekani aytilmagan. Boshqa savollar: «Chexovning hikoyasida yo‘g‘on ingichka bilan xayrlashayotganda nechta barmog‘ini bukadi?» Javoblar: «1», «2», «3», «4″. Yana bir namuna: „Kapitan qizi»da bosh qahramon onasining ism-sharifi nima?“ Yuliya Vasilevna, Viktoriya Vasilevna, Avdotya Vasilevna, Anna Vasilevna». Ehtimol, bunday sifatdagi savollar sinov natijalarining past bo‘lishiga olib kelgan sabablardan biridir?

Alisher Umarov: O‘qituvchilardan test olishda biz Davlat test markazining OTMlarga kirish imtihonlaridan foydalaniluvchi topshiriqlar bazasidan foydalanishga majbur bo‘ldik. Davlat test markazi bu savollarni maktab darsliklari asosida tuzadi. Test topshiriqlari sifati bo‘yicha juda ko‘p e’tirozlar kelib tushadi, lekin biz o‘lchash uchun yagona uslub kerak, biroq bizda hozircha ta’lim sifatini baholashning yagona tizimi yaratilgani yo‘q.

DTM o‘z arizasida qayd etishicha, Komil Jalilovning savolidagi test topshiriqlari namunalari DTM bazasida mutlaqo mavjud emas va ulardan test olishdan foydalanilmagan.

Matbuot anjumanida tilga olingan va OAVda e’lon qilingan ushbu axborot DTM tomonidan «asossiz» va «ochiqdan-ochiq yolg‘on» bo‘lib, biror bir hujjatga, dalilga yoki faktga asoslanmagan. Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, yuqorida tilga olingan test topshiriqlari DTM savollar bazasida mutlaqo mavjud emas.

«„Gazeta.uz“ internet sahifasida e’lon qilingan maqola Davlat test markazi rahbariyati va xodimlariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning mehnat unumdorligining kamayishiga, asabiylashishiga olib keldi. Shu sababli Davlat test markazi „Gazeta.uz“ elektron ommaviy axboro vositasi va Komil Jalilov tomonidan yetkazilgan ma’naviy zarar miqdorini 200 mln so‘m deb baholaydi», — deyiladi arizada.

DTM suddan «Gazeta.uz» va Komil Jalilov maqola bo‘yicha raddiya berish va DTMdan ommaviy ravishda uzr so‘rash majburiyatini yuklashni so‘ragan.