AQSH Kongressi Vakillar palatasi prezident Donald Tramp impichmenti uchun ovoz berdi. U ikki modda — vakolatini suiiste’mol qilish va Kongressga to‘sqinlik qilish bo‘yicha ayblanmoqda, deya xabar qildi Novosti RAA.

Parlamentda ko‘pchilikni tashkil etuvchi demokratlar impichment uchun ovoz bergan bo‘lsa, respublikachilar qarshi bo‘ldi. Impichment uchun birinchi modda bo‘yicha 230 kishi, jumladan 1 nafar mustaqil nomzod yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, 197 kishi, shu jumladan 2 demokrat qarshi ovoz berdi. Bir kishi — Demokratlar partiyasidan AQSH prezidentligiga nomzod Tulsi Gabbard betaraf qoldi.

Ikkinchi modda bo‘yicha 229 deputat, jumladan 1 nafar mustaqil deputat yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, 198 kishi, jumladan 3 demokrat qarshi bo‘ldi, bir parlamentariy betaraf qoldi.

Endilikda impichment masalasini Senat ko‘rib chiqadi. Parlament yuqori palatasi Tramp ustidan sud jarayonini o‘tkazadi. Kongress yuqori palatasida ko‘pchilikni tashkil etuvchi respublikachilar esa Tramp impichmentiga rozi bo‘lmoqchi emas.

AQSH prezidentining o‘zi impichment jarayonini demokratlarning siyosiy jihatdan o‘zlarini o‘zlari o‘ldirishi deb atadi. «Siz mening reytinglarimni ko‘rdingizmi?. Ular birinchi kundanoq mening impichmentimni e’lon qilishga harakat qilishdi. Ular men kurashni boshlamasimdan oldinoq buni amalga oshirishga harakat qilishdi», — dedi Tramp payshanba kuni Michigan shtatida bo‘lib o‘tgan mitingda.

Oq uy, o‘z navbatida, Tramp impichment jarayonlari doirasida navbatdagi qadamni tashlashga tayyor ekani, Senatda to‘liq oqlanishini ma’lum qildi.

Demokratlar AQSH prezidentini Kongress tomonidan tasdiqlangan Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish jarayonini to‘xtatib qo‘yib, prezident Vladimir Zelenskiyga o‘z raqibi Jo Baydenga qarshi tergov ko‘rinishidagi xizmatlarni taklif etganlikda ayblamoqda. Tramp raqiblari uni Konstitutsiyani buzgani va o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilganlikda ayblayotgan bo‘lsalar, respublikachilar ular fikrini qo‘llab-quvvatlayotgani yo‘q.