Shanba kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 25-yalpi majlisida soliqqa tortiladigan bazadan xayriya uchun mablag‘lar ajratib qolish imkoniyatlari muhokama qilindi. Senator Abduqodir Toshqulov daromad soliini belgilashda homiylik va xayriya uchun mablag‘lar ajratib qolish tartiblarini joriy etishni taklif qildi.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev esa xayriya mablag‘larini nazorat qilish mexanizmi mavjud emasligini ta’kidladi.

«Agarda joriy yilda 129 mlrd so‘m xayriyaga ajratilgan bo‘lsa, ularning faqatgina 18 mlrd so‘mi imtiyozli bo‘ldi. Xayriya mablag‘larini nazorat qilish mexanizmining o‘zi yo‘q. Agarda pullar byudjetga tushsa, byudjet mablag‘lari mahalliy deputatlar nazorati ostida, mahalliy hokimiyatlar va moliya organlari doirasida xarajat qilinadi, ya’ni g‘aznachilik tamoyili ishlamoqda. Narxlar nazorati mavjud, mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish mexanizmlari mavjud», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, nazorat mexanizmining yo‘qligi byudjetga tushumlarning qisqarishiga olib kelishi mumkin.

«Biroq xayriya uchun mablag‘lar soliqqa tortiladigan bazadan hisoblansa, baribir chegara o‘rnatiladi. Agarda chegaralari o‘rnatilmagan va soliqqa tortiladigan bazadan ayirib olinadigan xarajatlar nazorat qilinmasa, katta ehtimol bilan bu ushbu bazaning to‘laligicha shakllanmasligi, byudjetga tushumlar to‘liq shakllantirilmasligi va ushbu mablag‘larning boshqa maqsadlarga yo‘naltirilishiga olib kelishi mumkin», — deya qo‘shimcha qildi u.