Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekistonda uzoq yillar davomida umra ziyorati sohasida yig‘ilib qolgan tizimli muammolarni hal qilish zarurligi to‘g‘risida bayonot berdi.

Qo‘mita bayonotida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Saudiya Arabistoniga ziyoratga borishni xohlovchi fuqarolar hukumat tomonidan ko‘rsatilayotgan «rasmiy, xavfsiz va ishonchli» xizmatlardan foydalanishga chaqirilgan bayonotiga javob tariqasida e’lon qilindi.

26 noyabr kuni Andijon viloyatidagisayyohlik firmasi orqali Jiddaga yo‘l olgan 14 nafar O‘zbekiston fuqarosi vizalari soxta bo‘lib chiqqani sababli deportatsiya qilindi.

Turizm qo‘mitasi o‘z bayonotida qayd etishicha, jahon tajribasidan ma’lumki, ziyoratchilar uchun umra safarlarini tashkil etish vakolatli davlat organlari tomonidan belgilangan talablar asosida xususiy sektor vakillari tomonidan amalga oshiriladi. Birgina Turkiya (156 ta), Indoneziya (101 ta), Malayziya (71 ta) va qo‘shni Qozog‘iston (30 taga yaqin) mamlakatlarida qonunchilik bilan mustahkamlangan aniq tartib-taomil asosida turizm faoliyati sub’ektlari tomonidan umra ziyoratlari tashkil etib kelinadi.

«Buning natijasida esa, mazkur ziyoratni amalga oshirishga qodir bo‘lgan kishilarning yillab navbat kutishi, safar narxining asossiz ko‘tarilishi, fuqarolarning aylanma yo‘llar orqali ziyoratni amalga oshirishi va tadbirkorlik sub’ektlarining yashirin iqtisodiyot vakillari sifatida safarlarni tashkil etishi kabi noxush holatlarga barham berilgan», — deyiladi bayonotda.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda umra safarlarini amalga oshirishni xohlovchilar sonining ko‘pligi hamda amaldagi tartib asosida ularning xohishi to‘laqonli qondirilmayotganligi sababli minglab fuqarolarimiz mavjud tartibni chetlab o‘tgan holda turizm tashkilotlari va boshqa vositachi shaxslar orqali muqaddas ziyoratlarini tashkillashtirishiga olib kelmoqda.

Qayd etilishicha, 2018−2019 yilgi mavsumda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan qancha fuqarolarimiz «Umra» ziyoratini amalga oshirgan bo‘lsalar, deyarli shuncha fuqarolarimiz Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, BAA kabi mamlakatlar orqali «Umra» safarini amalga oshirishgan.

«Bu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish faqatgina turli cheklovlarni o‘rnatish orqali emas, balki fuqarolarimizda muqaddas ziyoratlarni amalga oshirishga bo‘lgan ehtiyojning kattaligini inobatga olgan holda, ularning salomatligi va xavfsizligini ta’minlash hamda fuqarolarning mavjud tartibni chetlab o‘tishlarini oldini olish maqsadida „Umra“ ziyoratlarini bozor munosabatlari va fuqarolarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tashkillashtirish maqsadga muvofiq hisoblanadi», degan taklifni ilgari surdi Turizm qo‘mitasi.