Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp e’lon qilinmagan tashrif bilan Afg‘onistonga keldi, deya xabar qildi New York Times nashri.

Xabarda qayd etilishicha, 28 noyabr kuni Donald Tramp Shukronalik kunini Kobul shimolidagi «Bagram» aviabazasida harbiy xizmatchilar bilan birgalikda nishonladi.

Uchrashuvda AQSH prezidenti toliblar bilan Afg‘onistondagi vaziyatni o‘nglash bo‘yicha muzokaralar qayta tiklanishi to‘g‘risida ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Donald Tramp Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar afg‘on respublikasida «Tolibon» harakati ishtirokida o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etishni muhokama qildi.

«Tolibon kelishuvga erishishni xohlayapti, biz ular bilan uchrashamiz. Biz bunday kelishuv bo‘lmaguncha yoki batamom g‘olib bo‘lmaguncha [bu yerda] qolamiz, ular esa („Tolibon“ — tahr.) bunday kelishuvga erishishni juda xohlashmoqda», — dedi Tramp Ashraf G‘ani bilan uchrashuvda.

AQSH prezidenti Afg‘onistondagi Amerika qo‘shinlari sonini 12000−13000 nafardan 8600 kishiga kamaytirish maqsadida ekanini tasdiqladi.

The Washington Post nashri bu Donald Trampning Afg‘onistonga uyushtirgan birinchi safari ekanini ma’lum qildi.