Fuqarolik ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudi kassatsiya instansiyasining 28 noyabrda Xorazm viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanserida o‘tkazilgan sud majlisida Nafosat Ollashukurova va uning ishonchli vakili — advokati U. Davlatov tomonidan keltirilgan kassatsiya shikoyati asosida ushbu fuqarolik ishi ko‘rib chiqildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati.

Sud majlisida 30 sentyabrdagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirildi. Shuningdek, tarafalarga sud qarorlari ustidan nazorat tartibida shikoyat berishi hamda protest keltirish huquqi tushuntirildi.

Bloger Nafosat Ollashukurova (Facebook`da — Shabnam Olloshkurova) 23 sentyabr kuni o‘z qarindoshlari bilan Toshkentga piyoda yo‘lga chiqqan jurnalist Mahmud Rajab bilan birgalikda 10 kun muddatga ma’muriy qamoqqa hukm qilingan edi. va sud qarori bilan ruhiy kasalliklar dispanseriga joylashtirildi.

26 sentyabrda Nafosat Ollashukurova ma’muriy qamoq jazosini o‘tayotgan paytida ruhiyatida o‘zgarishlar sezilganligi uchun tez tibbiy yordam chaqirtirilgan. Psixiatrning tavsiyasi bilan u Xorazm viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanserida ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib ketilgan.

30 sentyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudida arizachi Xorazm viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanserining fuqaro Nafosat Ollashukurovani g‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya shifoxonasiga yotqizish to‘g‘risidagi arizasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan fuqarolik ishi ko‘rib chiqildi. Sud qarori bilan ushbu ariza qanoatlantirilib, N. Ollashukurova g‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya shifoxonasiga yotqizildi.