Samarqanddagi 42-maktabning tarix fani o‘qituvchisi bir necha kishi tomonidan kaltaklanganidan uch kun o‘tib shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Samarqand viloyat prokuraturasi xabar qildi.

Nazorat organi ma’lumotlariga ko‘ra, 20 noyabr kuni soat taxminan 03.40larda Beruniy ko‘chasida fuqaro Djurabek M. (1990 y.t. ishchi) sheriklari Doniyor S. (1994 y.t. muqaddam sudlangan, haydovchi) va Muxammad K. (1997 y.t. muqaddam sudlangan, ishchi) bilan oldindan jinoiy til biriktirib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan, shahardagi 42-sonli umumta’lim maktab o‘qituvchisi Izzatilo M. bilan hech bir sababsiz janjallashib, janjal vaqtida qo‘l va oyoqlari bilan uni bosh qismi va tanasining turli sohalariga bir necha marotaba qasddan urib, hayoti uchun xavfli bo‘lgan tan jarohati yetkazishgan.

Daryo.uz talqiniga ko‘ra, o‘qituvchini kaltaklashda 15 kishi qatnashgan. Nashrning yozishicha. 20 noyabr kuni Izzatullo M. va uning do‘sti kafega boradi, u yerda notanish oila bilan mojaro kelib chiqadi. Hodisaga patrul-post xizmati xodimlari aralashadi va Izzatullo M. va uning do‘sti, shuningdek, janjalda qatnashgan yana ikki kishini o‘zlari bilan olib ketadi.

«Yuzaga kelgan janjalni PPX xodimlari bartaraf etib, ularni olib ketgan. Ular Izzatullo M va uning do‘stini Samarqand shahridagi choy fabrikasi oldidagi bekatda qoldirgan. U yerda ularni 10 nafarga yaqin kishi kutib turgan. Tortishib qolgan 7 kishi shu zahoti yetib kelgan. O‘sha bekatda kafeda tortishib qolgan yigitlar va uning tanishlari Izzatullo M. va uning do‘stini kaltaklagan», — deydi halok bo‘lgan o‘qituvchining yaqinlaridan biri.

Izzatillo M. «og‘ir yopiq KST, bosh miyaning og‘ir darajali lat yeyishi» tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan 23 noyabr kuni Izzatilo M. jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar IIO FMB TB tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilgan.

23 noyabr kuni Djurabek M., Doniyor S. va Muxammad K. Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Samarkand viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.