O‘zbekistonlik arbitr Ravshan Ermatov 26 noyabr kuni Malayziyada bo‘lib o‘tgan Osiyo futbol konfederatsiyalari hakamlari anjumanida AFC Referees Memento Award mukofoti bilan taqdirlandi. Mukofot munosib xizmatlari va Osiyoda futbol hakamligi standartlarini oshirgani uchun yana yetti nafar arbitr hamda ularning yordamchilariga ham taqdim etildi, deya xabar qildi konfederatsiya matbuot xizmati.

Marosimda Ravshan Ermatov 17 mavsum, OFK Chempionlar ligasining besh finali, futbol bo‘yicha Osiyo Kubogining ikki finali hamda to‘rtta FİFA Jahon chempionatida faoliyat ko‘rsatgani uning uchun sharaf ekanini ta’kidladi.

«Bu mukofot kar’eram davomida menga saboq bergan insonlarniki hisoblanadi. Ularning yordami va OFKning qo‘llab-quvvatlovisiz men u yerda bo‘la olmas edim. Osiyo futbol oilasining bir qismi bo‘lganimdan g‘ururlanaman. Estafetani yosh hamkasblarimga berish vaqti keldi. Aminmanki, ular maqsadni baland qo‘yadi va unga erishish uchun qattiq mehnat qiladi», — dedi u.

Ravshan Ermatov futbol bo‘yicha Jahon chempionati o‘yinlariga hakamlik qilish bo‘yicha rekordchi hisoblanadi — 2018 yil 25 iyun holatida u bosh hakam sifatida o‘n bitta o‘yinni boshqardi. U eng yaxshi hakam sifatida Globe Soccer Awards mukofotiga ham loyiq ko‘rilgan.

Iyulda OFKning navbatdan tashqari anjumanida Ravshan Ermatov O‘FA birinchi vitse-prezidenti etib saylangan edi. Unga qadar esa vitse-prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi edi.