24 noyabr kuni Orenburg-Oqbuloq trassasida Orenburg viloyati hududida ichida 8 nafar yo‘lovchi, jumladan 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan mikroavtobus ishtirokida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 4 nafar o‘zbekistonlik vafot etdi, 1 nafari esa Orenburg viloyat klinik shifoxonasiga joylashtirildi. Orenburg viloyat prokuraturasining aniqlik kiritishicha, jami olti kishi vafot etgan, ikki kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Bosh konsulxona mazkur vaziyatni nazoratga oldi hamda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi Vakolatxonasi bilan birgalikda marhumlarning jasadlarini vatanga yuborish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilmoqda.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirdi va Rossiyaning Volgabo‘yi federal okrugi (Boshqirdiston Respublikasi, Kirov viloyati, Mariy El Respublikasi, Mordoviya Respublikasi, Nijegorod viloyati, Orenburg viloyati, Penza viloyati, Perm o‘lkasi, Samara viloyati, Saratov viloyati, Tatariston Respublikasi, Udmurtiya Respublikasi, Ulyanov viloyati, Chuvashiya Respublikasi) hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda Qozon shahridagi mamlakatimiz Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini ma’lum qildi: +7−843−526−55−64, +7−843−526−55−65.