O‘zbekiston Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan rahbarlik lavozimlariga tayinlovlar amalga oshirildi, deya xabar qildi IIV matbuot xizmati.Azizbek Ikromov.

General-mayor Ikromov Azizbek Isroilovich O‘zbekiston ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Tayinlovga qadar u mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Ayubxon Rahmatullayev.

2018 yil iyunidan buyon Farg‘ona viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari — moliya va moddiy texnika ta’minoti boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan polkovnik Raxmatullayev Ayubxon Toshxo‘jayevich ichki ishlar vazirining o‘rinbosari-moliya va moddiy texnika ta’minoti bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. U Rustam Mashrabjonovich Ergashev o‘rniga ushbu lavozimni egalladi.

Bekmurod Abdullayev.

2018 yil oktyabridan Toshkent IIBB boshlig‘i o‘rinbosari — moliya va moddiy texnika ta’minoti boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelayotgan polkovnik Abdullayev Bekmurod Tojimirzayevich IIV Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Joriy yilning 4 yanvaridan buyon ushbu lavozimda polkovnik Baxtiyor Po‘latovich Farmonov faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Ulug‘bek Muhamedov.

Uzoq yillar davomida IIV polkovnik Badriddin Usmonovich Shorixsiyev rahbarlik qilgan IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasiga muqaddam Prezident administratsiyasida mutasaddi xodim bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan polkovnik Muhamedov Ulug‘bek Toshpo‘latovich boshliq etib tayinlandi.

Polkovnik Saidov Olim Choriqulovich IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Tayinlovga qadar u Yunusobod tuman ichki ishlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, ungacha — Toshkent viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari va Tergov boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. YHXBBga uzoq yillar davomida polkovnik Xolmatjon Axmatovich Saydaliyev rahbarlik qilgan.