O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 noyabr kuni mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan navbatdagi qarorni imzoladi. Hujjat bilan «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilashга doir «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

Hujjatda «Biznes yuritish — 2020» hisobotida O‘zbekiston 69-o‘rinni egallab, islohotlar miqyosi va samaradorligi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 20 ta islohotchi davlati qatoridan joy olgani, biroq biznes muhitni yaxshilash hamda tadbirkorlar erkinligini ta’minlashda to‘siqlar mavjudligi, xususan qonunchilik hujjatlarining noto‘g‘ri ijro etilayotgani qayd etib o‘tildi.

«Tadbirkorlar va investorlar bilan uchrashuvlar joylardagi ijrochilar sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatidan to‘liq xabardor emasligini, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning amaliyotga joriy etilishi sezilarli darajada ortda qolayotganligini, ayrim litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirishda ortiqcha byurokratik to‘siqlar mavjudligini ko‘rsatmoqda», — deyiladi qarorda.

Hujjatb ilan Barcha darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklari O‘zbekiston Konstitutsiyasining 53-moddasi hamda «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonun talablariga so‘zsiz rioya qilishlari shartligi haqida qat’iy ogohlantirildi.

Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan, ob’ektlarning qiymatini baholash natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan, nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulkning daxlsizligini buzish sifatida baholanishi hamda bunday ishlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmasligi belgilandi.

Bosh prokuraturaga xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka qat’iy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish tashabbusi bilan chiqqanlik uchun vakolatli davlat organlari mansabdor shaxslarining muqarrar javobgarligini jinoiy javobgarlikka tortishga qadar oshirishni ta’minlash topshirildi.

Qurilish vazirligi, Energetika vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Markaziy bank, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbarlariga qurilish uchun ruxsatnomalar berish, elektr ta’minoti tizimiga ulanish, ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish, kredit berish hamda to‘lovga qobiliyatsizlikni hal etish yo‘nalishlaridagi islohotlarning amaliyotga tatbiq etilishi yetarli emasligi natijasida «Biznes yuritish» yillik hisoboti tegishli indikatorlari bo‘yicha mamlakatning reytingdagi o‘rni pastligicha qolayotganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan vazirlik va idoralarning har birida sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni joylardagi ijrochilarga yetkazish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzish topshirildi. Mazkur ishchi guruhlar zimmasiga islohotlarning mazmun-mohiyatini joylardagi ijrochilarga yetkazish va tushuntirish, qonun hujjatlarini noto‘g‘ri qo‘llash amaliyotini bartaraf etish, joylarda tadbirkorlarning fikrini muntazam ravishda o‘rganib borish, tegishli organ tomonidan qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan o‘tkazish va ularga sohada amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqib o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash vazifalari yuklanadi.

2020 yil 1 fevraldan boshlab quyidagicha tartib o‘rnatiladi:

  • eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlar «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi. Bunda vakolatli organlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari «Yagona darcha» bojxona axborot tizimiga integratsiya qilinadi;
  • fitosanitariya, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va ekologik nazorat o‘tkazish uchun undiriladigan to‘lovlar miqdori vakolatli organning mazkur hujjatni berish uchun qilgan xarajatlari doirasida O‘zbekiston Moliya vazirligi tomonidan kelishilgan holda belgilanadi;
  • yuridik shaxslar tomonidan da’vo arizasi va uning ilovalarini javobgar hamda iqtisodiy sudga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yuborish imkoniyati yaratiladi.

2020 yil 1 oktyabrdan boshlab:

  • quvvati 140 kilovattgacha bo‘lgan elektr uskunalarini elektr tarmoqlariga ulash jarayonida sarflanadigan xarajatlar tadbirkorlik sub’ektining xohishiga ko‘ra, davlat xizmatlari markazlariga texnik shartlarni olish uchun murojaat qilish bilan bir vaqtda berilgan so‘rovnomasiga asosan «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Mazkur mablag‘lar tadbirkorlik sub’ektlari foydalangan elektr energiyasi qiymatiga qo‘shiladigan ustamalar hisobidan bir yil davomida undirib olinadi.

2020 yil 1 yanvardan quyidagi talablar bekor qilinsin:

  • tadbirkorlik sub’ektlari — yuridik shaxslar o‘rtasidagi ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini taraflardan birining talabi bo‘yicha notarial tasdiqlanganda kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorliklarni tekshirib olish;
  • davlat soliq xizmati organlariga soliq to‘lovchilar tomonidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng arizani hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlar tomonidan tegishli hududda joylashgan yer uchastkasi va boshqa ko‘chmas mulk, uning mulkdorlari to‘g‘risidagi ma’lumotni bevosita qog‘oz ko‘rinishda taqdim etish;
  • meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish (paxtadan tashqari) uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirishda tadbirkorlik sub’ektlaridan to‘lov undirish.

2020 yil 1 yanvarga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqiladi:

  • qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan xabarnoma yuborish tartibini bekor qilish, markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish ob’ektlari bundan mustasno;
  • ob’ektning zilzilaga bardoshliligi va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha loyiha hujjatlari yuzasidan ijobiy ekspertiza xulosasi va qurilish ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma’lumotni davlat xizmatlari markazlari tomonidan bir vaqtda tadbirkorlik sub’ektlari va hududiy qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyalariga ob’ektni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yuborish;
  • ob’ektlar bo‘yicha ijobiy ekspertiza xulosasi mavjud bo‘lmaganda qurilish-montaj ishlarini boshlashni taqiqlash, qonun hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno.