Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi seshanba kuni Toshkent hokimining Kun.uz jurnalistlari bilan suhbati aks etgan audiyozuv atrofidagi vaziyat bo‘yicha bayonotini e’lon qildi. 16 noyabrda paydo bo‘lgan birinchi yozuvdan jurnalistlarga qarata aytilgan tahdidlar o‘rin olgan edi. 19 noyabr kuni esa Kun.uz audioyozuvning nisbatan to‘liqroq shaklini e’lon qildi — undan birinchi yozuv turli parchalarning birlashtirilgani ekani ma’lum bo‘ldi.

Bayonotda qayd etilishicha, YeI delegatsiyasi «jurnalistlarga qaratilgan tahdidlar atrofida voqealar rivojini diqqat bilan kuzatmoqda».

«Fikr bildirish erkinligi demokratik jamiyatning ajralmas qismidir; jurnalistlarning o‘z vazifalarini bajarishda xavfsizligi esa — erkinlikni ta’minlashning muhim shartidir». — deyiladi bayonotda.

«Ushbu xavfsizlikka putur etkazadigan har qanday xatti-harakatlar, ularning manbaidan qat’i nazar, juda jiddiy qabul qilinishi kerak; bittagina jurnalistga qaratilgan tahdidlarga yo‘l qo‘yilishi — butun kasbning faoliyatiga va butun jamiyat tomonidan ma’lumot olish huquqiga ta’sir qiladi», — deya qayd etdi YeI delegatsiyasi.

«So‘nggi paytlarda keng tarqalgan tahdidlar O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlari va milliy qonunchiligini buzilishidir; ular har tomonlama tekshirilishi va har qanday qonun buzilishi uchun javobgarlikka tortilishi kerak», — deya yakunlanadi bayonot.

Avvalroq tahdidlar yuzasidan YeXHTning OAV erkinligi bo‘yicha vakili Arlem Dezir, Buyuuk Britaniya elchisi Tim Torlot va AQSHning Toshkentdagi elchixonasi ham o‘z xavotirlarini bildirgan edi.