Qashqadaryo viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi aktrisa Gavhar Sharipovaning o‘limi tafsilotlarini ma’lum qildi, deya xabar berdi Daryo.uz.

Avvalroq aktrisa 18 noyabrga o‘tar kechasi taxminan 02:20 larda A-380 «Samarqand-G‘uzor» avtomobil yo‘lining Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani «Yarg‘unchi» mahallasidan o‘tgan qismida sodir bo‘lgan YTHda vafot etgani xabar qilingan edi.

Viloyat YHXB ma’lumotlariga ko‘ra, Isuzu yuk avtomobili soatiga 140 km tezlikda harakatlanib kelayotgan paytda haydovchi bir qo‘lida avtomobilini boshqarib turib, o‘ng qo‘li bilan avtomobil salonida yo‘lovchi sifatida ketayotgan aktrisaning yelka va qo‘llaridan ushlab shilqimlik qilgan. Oqibatda Gavhar Sharipova avtomobil eshigini ochib, uni ushlab turgan. Haydovchi buni ko‘ra turib harakatlanishda davom etgan va amaldagi yo‘l harakati qoidalarining 77-bandi 3-qismida ko‘rsatilgan «Harakatlanish vaqtida haydovchi aniqlay oladigan xavf yuzaga kelsa, transport vositasini tezligini u to‘la to‘xtatishni ta’minlaydigan darajada kamaytirmasdan» yo‘llarda harakatlanish qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, transport vositasini to‘xtatish choralarini ko‘rmasdan yo‘lida davom etgan.

Oqibatda Gavhar Sharipova avtomobil kabinasidan tushib ketib, hayoti uchun xavfli bo‘lgan tan jarohati olib, hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot etgan.

Ushbu holat yuzasidan G‘uzor tumani IIB tomonidan 2019 yil 18 noyabr kuni Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilib, fuqaro Sh. F.ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Gavhar Sharipova «Alpomish», «Sarvinoz», «Opa-singillar», «Aldangan ayol» va boshqa filmlarda rol ijro etgan.